O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat inspeksiyasining faoliyati xususida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi axborot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova quyidagilarni gapirib berdi.

– O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi sa’y-harakatlari natijasida korxona, tashkilot va muassasalarda tuzilgan jamoa shartnomalarining 105 ming 777 tasiga, ya’ni 94,6 foiziga xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan avval, albatta kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini olish talabi kiritilishiga erishilgan. Buning natijasida xodimlarni noqonuniy ishdan bo‘shatish holatlariga chek qo‘yilmoqda.

Jamoa shartnomalariga kiritish orqali ish vaqti va dam olish vaqtini tartibga solish borasida aksariyat korxona va tashkilotlarda mehnatkashlar uchun asosiy uzaytirilgan va qo‘shimcha ta’tillar o‘rnatilgan. Natijada har yili Jamoa shartnomalari orqali 2 million 929 ming nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 2 million 900 ming nafarga yaqin xodim esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat inspeksiyasi tomonidan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha korxona, tashkilot va muassasalarda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi, xodimlar huquqlari himoyasini ta’minlash, mehnat munosabatlarini yaxshilashga oid takliflar va chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish, baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazish yo‘nalishlarida samarali faoliyat olib borilmoqda.

Xususan, 2022 yilda kasaba uyushmalarining Mehnat inspeksiyasi tomonidan 77 ming 408 nafar kasaba uyushma a’zosining qonuniy huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 53 milliard 963 million 107 ming so‘m zarar pullari undirib berildi.

Shu jumladan, 2022 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat inspeksiyasi tomonidan 1 ming 340 ta korxona, tashkilot va muassasada o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati tartibidagi o‘rganishlar jarayonida mehnat qonunchiligi talablari buzilishi bo‘yicha 8 ming 133 ta holat aniqlandi.

Ularni bartaraf etish maqsadida ish beruvchilar va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga 771 ta ko‘rsatma kiritilib, muzokaralar olib borildi. Natijada 7 ming 612 ta kamchilik bartaraf etilishiga erishildi. Shuningdek, xodimlarga 21 milliard so‘mdan ortiq oylik ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik va ma’naviy zarar pullari undirib berildi.

“O‘zsuvta’minot” AJ tashkilotlari hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarida, shuningdek, qurilish tarmog‘idagi tashkilotlarda texnika xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi bo‘yicha kasaba uyushmalari inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilgan jamoatchilik nazorati natijasida 1 ming 43 ta kamchilik aniqlandi. Natijada 958 ta kamchilik bartaraf etildi.

Korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarining yaratilishi, ularning mehnatiga munosib ish haqi to‘lanishi, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq masalalarda ish beruvchilarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish borasidagi ishlar holati o‘rganilganda aniqlangan 245 ta kamchilikning 173 tasi bartaraf etildi.

Ish beruvchilar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, jamoa shartnomalari va kelishuvlari talablariga rioya etilmasligi yuzasidan mehnatkashlardan kelgan 2 ming 935 ta murojaat ko‘rib chiqilishi natijasida 22 ming 898 nafar xodimning huquqi tiklandi va ular foydasiga 15 milliard 222 million 500 ming so‘m mablag‘ undirib berildi.

Kasaba uyushmalari Mehnat inspeksiyasiga baxtsiz hodisa tufayli jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar pulini undirish bo‘yicha kelib tushgan jami 84 ta murojaat bo‘yicha xodimlarning huquq va manfaatlarini himoyalash maqsadida ish beruvchilarga ko‘rsatmalar, sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Buning natijasida 57 nafar xodimning huquqi tiklanib, ular foydasiga 1 milliard 987 million 500 ming so‘mdan ortiq zarar to‘lovlari undirib berildi.

Xodimlarning poymol etilgan huquqlarini tiklashni so‘rab kasaba uyushmalari Mehnat inspeksiyasi tomonidan ish beruvchilarga kiritilgan Taqdimnomalar va sudlarga kiritilgan da’vo arizalari orqali esa 160 dan ortiq qonun buzilishi holatlari bartaraf etilib, minglab xodimlarning huquqlari tiklandi.

Barcha murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra 16 ming 505 nafar kasaba uyushma a’zosining ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid huquqlari tiklandi va mehnatkashlar, ya’ni kasaba uyushma a’zolari foydasiga 11 milliard 794 million so‘mdan ziyod zarar pullari undirib berildi.

O‘zA