Germaniyaning Dyusseldorf shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “WR Chess Masters” turnirining to‘rtta turi ortda qoldi.
Kecha o‘tkazilgan 4-turda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa bilan kuch sinashdi.
Uchrashuvning 30-yurishidan keyin vaziyat durang ko‘rinishiga kelgan bo‘lsa-da, shaxmat donalarining joylashuvi, harakatlanish pozitsiyasidagi ustunlik hamyurtimiz tomonida edi. O‘yinning 50-yurishida Abdusattorov o‘zining kichik ustunligini aniq vaziyatga aylantirishga harakat qildi. Ammo, 54-yurishga kelib vaziyat o‘zgardi. Tomonlar 58-yurishda murosa yo‘lini tanlashdi.
E’tiborli jihati, ushbu turda o‘tkazilgan barcha uchrashuvlar, ya’ni 5 ta qarama-qarshilik durang bilan poyoniga yetdi.
Sovrin jamg‘armasi 140 ming yevroni tashkil etgan nufuzli turnirning 4-tur yakunlariga ko‘ra, Livon Aronyan 3 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda 2,5 ochkoga ega Uesli So va Gukesh bormoqda. Nodirbek Abdusattorov, Anish Giri, Yan Nepomnyashiy va Andrey Yesipenko 2 ochko jamg‘argan holda ulardan keyingi qatordan joy olishgan.
Bugun, 20 fevral kuni “WR Chess Masters” turnirida dam olish kuni etib belgilangan.
Turnirning 5-tur o‘yinlari ertaga bo‘lib o‘tadi. Nodirbek Abdusattorovning ushbu turdagi raqibi germaniyalik Vinsent Keymer hisoblanadi. Musobaqa peshqadami Livon Aronyan Niderlandiya vakili Anish Giri bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqa 9 turdan iborat bo‘lib, yakuniy tur bahslari 25 fevralda o‘tkaziladi.
Kutilayotgan 6, 7, 8, va 9-turlarda Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Gukesh, polshalik Yan-Kshishtof Duda, niderlandiyalik Anish Giri va AQSHlik Uesli Soga qarshi dona suradi. Iste’dodli shaxmatchimizning kutilayotgan raqiblari nechog‘li salohiyatga ega ekanligini nazarda tutsak, demak, “WR Chess Masters” turnirining shiddatli janglari hali oldinda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA