Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali Toshkent konferensiyasida so‘zga chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi. Davlatimiz rahbari Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash xususida fikr bildirdi:
O‘z-o‘zidan ravshanki, Afg‘oniston ichidagi siyosiy jarayonlarni boshlashni endi orqaga surib bo‘lmaydi. Bu jarayonni cho‘zish yana ko‘plab begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi.

Tinchlik jarayonining muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun afg‘onistonliklarning o‘zlariga tashabbus ko‘rsatish, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi bo‘yicha tanlash imkonini berish kerak.

Bu o‘rinda gap, avvalo, qurolli muxolifat tomonidan ham jangovar harakatlar olib borishdan vos kechilishi va o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga so‘zsiz rioya qilinishi haqida bormoqda.

Afg‘onistonning kelgusida tinch taraqqiyoti uchun umumiy mas’uliyatni his etgan hamda o‘zbek va afg‘on xalqining azaliy do‘stlik aloqalariga tayangan holda, biz O‘zbekiston hududida tinchlik jarayonlarining istalgan bosqichida Afg‘oniston va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Muxolifat tinch muzokaralarda ishtirok etadigan va milliy kelishuvga erishilgan taqdirda Afg‘onistonning siyosiy hayotiga muxolifatning integratsiyalashuvi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarur bo‘ladi.

Qurolli muxolifat vakillari, jumladan, toliblar ham afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z mamlakati kelajagini belgilash uchun ovoz berish huquqiga ega.

Bu borada mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlarigacha bo‘lgan davrda afg‘onlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni boshlash va shu tariqa jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, muxolifatdagi kuchlarga ham yangi Afg‘oniston davlatini qurishda to‘laqonli ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratish g‘oyat muhimdir.

Mintaqaviy darajada – avvalo Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan tomonlar o‘rtasida mustahkam kelishuvni ta’minlashga erishish zarur.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA