Qashqadaryo viloyatida 2022 yilda ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish uchun 316 ta yer maydoni ajratilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qaroriga muvofiq davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Ma’lumot uchun yer uchastkasi ajratish bo‘yicha materiallar Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan tayyorlanadi. O‘tgan yilda Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga 253 ta murojaatlar kelib tushgan.

Sohalar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p yer uchastkalari suv inshootlari qurish uchun ajratilgan bo‘lib, yer uchastkalari soni 68 tani, ajratilgan yer maydoni 30,59 gektarni tashkil etadi. Shuningdek, MTT binosi qurish uchun 39 ta, ya’ni 18,37 gektar, mahalla binosi qurish uchun 101 ta, ya’ni 4,62 gektar, IIB inspektorlariga uy-joy qurish uchun 31 ta, ya’ni 1,7 gektar yer maydoni ajratilgan.

Bundan tashqari, viloyatda Yangi O‘zbekiston massivi, maktab binosi, xizmat uylari, QVP binosi, kutubxona, yoshlar texnoparki, kichik sanoat zonalarini qurish va boshqa davlat ehtiyojlari uchun yer maydonlari ajratilgan. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, davlat ehtiyojlari uchun maydoni jihatidan eng ko‘p yer uchastkalari Qarshi shahri, Ko‘kdala va Shahrisabz tumanlarida ajratilgan.

Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan davlat ehtiyojlari uchun ajratilayotgan yer maydonlarini tanlash va toposyomka ishlari olib borilib, ularning chegaralari belgilangan.

O‘lmas Barotov,  

O‘zA.