Turkiya Prezidentining yordamchisi Fuat Oktay Favqulodda vaziyatlar departamentida o‘tkazgan brifingda zilzila qurbonlari soni 24 ming 617 kishiga yetganini ma’lum qildi.

Shu kunlarda ofat mintaqasida 32 ming 71 qidiruv-qutqaruv guruhlari tinimsiz faoliyat ko‘rsatayotganliklarini ta’kidladi. Qidiruv ishida «K9» kuchuklari va zamonaviy barcha texnologiyalar ishga solingan. Bundan tashqari, 26 ta dengiz kemasi, 70 ta samolyot, 114 vertolyot va boshqa texnika qutqaruv guruhlarining xizmatida.

Qahramonmarashda sodir etilgan zilziladan 140 soat o‘tgach, 27 yoshlik Muhammad Habib, Xatayda 137 soatdan keyin 6 yoshli bola  qutqarildi.

Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurumning ma’lumotiga ko‘ra, zilzila sodir etilgan 10 mintaqadagi 171 ming 882 binoning mustahkamligini aniqlashtirish-tekshiruv ishlari o‘tkazildi. Uning natijasida salkam 25 ming uy-joy, inshoot binolarining qulab tushishga moyilligi yoki katta zarar ko‘rgani aniqlanganini bildirdi.

O‘nta viloyatda zilzila oqibatida qulagan binolar qurilishida mas’ul bo‘lgan 131 gumondordan biri qo‘lga olingan, yana yuzlab muhandislarni qamoqqa olish qarori chiqarilgan, dedi Oktay.

 

O‘zA