Turkiyada 20 mingdan ziyod odamning qurbon boʻlishiga sabab boʻlgan kuchli zilziladan keyin ham ikki mingdan ortiq qayta tebranishlar kuzatildi va u hali ham davom etmoqda, dedi favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tahdidlarni bartaraf qilish boʻlimi bosh direktori (AFAD) Orxan Tatar.
“Shu kungacha 2 mingdan ziyod qayta tebranishlar kuzatildi va u hamon davom etmoqda. Tebranishlarning asosiy qismi 4 magnitudadan yuqori boʻlmoqda”, – dedi u shanba kuni boʻlib oʻtgan brifingda.
U, shuningdek, yuz bergan zilzilaning kuchi 500 ta atom bombaning portlashiga teng boʻlganini taʼkidladi.
“Biz oʻzimiz oʻylagandan ham kuchliroq halokatga duch keldik. 6-fevralda roʻy bergan ikkita yer qimirlashini tahlil qilmoqdamiz.Birinchisining davomiyligi 65 soniyani tashkil etdi. Ikkinchisi 45 soniya davom etgan”, – degan O.Tatar.
Tatarning soʻzlariga koʻra, yer taxminan ikki daqiqa silkinib turgan.
Habertürk telekanalining maʼlum qilishicha, Turkiyaning Shonliurfa viloyatida sakkiz kishi hibsga olingan. Ular vayron boʻlgan binolarning qurilishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga aloqador, deyiladi xabarda.