Adliya vazirligida adliya organlari va muassasalari tomonidan 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda adliya organlari va muassasalarining rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov boshqargan majlisda vazirlik tashabbusi bilan 213 normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgani qayd etildi. 2 ming 225  qonun hujjati loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. 263 idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Adliya idoralariga 142,7 mingta murojaat kelib tushdi. Ularni 123,1 mingtasi, ya’ni 86,2 foizi qonuniy hal qilinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ortgan.

Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 55 ming 984 taqdimnoma kiritildi. Natijada 12 ming nafardan ziyod shaxs ma’muriy, 24,5 mingdan ziyod shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 682 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Sudlarga 438,1 milliard so‘mlik 30 mingdan ortiq da’vo arizalari kiritilib, shundan 395,1 milliard so‘mi  qanoatlantirildi.

Aholining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha 440 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tomonidan esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘p, ya’ni 11,6 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Hududiy adliya organlari faoliyatining samaradorligi baholanib, baholash natijalariga ko‘ra Surxondaryo va Buxoro viloyati adliya boshqarmalari yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlarni qayd etdi.

Samaradorligi yuqori bo‘lmagan hududiy adliya organlari faoliyati tanqid qilindi, faoliyatini yanada jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA