“Iteca yexhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi 2023 yilgi ko‘rgazmalar mavsumini ochishini ma’lum qildi.
Tashkil etilgan tadbirda kompaniya bosh direktori Nigora Hasanova ishtirokchilarga bu haqda atroflicha ma’lumot berar ekan, joriy yilgi mavsumda talab va ehtiyojga asosiy e’tibor berilgani, mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ahamiyati va kutilayotgan natijalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
– Kompaniya faoliyatida bu 28-mavsum hisoblanadi, – dedi N.Hasanova. –Bahor fasli an’anaviy “Qurilish – UzBuild” xalqaro ko‘rgazmasi bilan boshlanadi. Mamlakatning eng yirik ko‘rgazmasi 28 fevraldan 3 martga qadar “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida bo‘lib o‘tadi. bugungi kunga qadar Avstriya, Belarus Respublikasi, Germaniya, Daniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi 18 mamlakatdan 300 dan ortiq kompaniya ko‘rgazmadagi ishtirokini tasdiqladi.
Ko‘rgazma doirasida “Qurilish texnikasi va texnologiyalari – BuildTech-2023” ixtisoslashgan bo‘limi namoyish etiladi. Ko‘rgazmaning ishchi dasturi doirasida 4-Qurilish sanoati xalqaro anjumani ham o‘tkaziladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yil davomida kompaniya 18 ta xalqaro ko‘rgazma o‘tkazishni rejalashtirgan. Ayni kunlarda hamkorlar bilan mahalliy va xalqaro korxonalar ishtiroki bo‘yicha tashkiliy ishlarni olib bormoqda. Bu yil ko‘rgazmalar “O‘zekspomarkaz”ning barcha pavilonlarini qamrab oladi. Ishonchimiz komilki, 2023 yilgi ko‘rgazmalar va forumlar soha mutaxassislariga konstruktiv muloqot, yangi shartnomalar, kelishuvlar va aloqalarni o‘rnatish uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, tadbirda yil davomida tashkil etiladigan sohalarga doir ko‘rgazmalar va ulardagi ishtirokchilar haqida ham so‘z yuritildi. Jumladan, “Agrar sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2023”, “Oziq-ovqat, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood-2023” xalqaro ko‘rgazmalarda so‘nggi yangiliklarga asosiy urg‘u berilsa, “Qadoqlash, uskunalar va materiallar – O’zuPACK 2023” xalqaro ko‘rgazmasi turli sohalar uchun ishlab chiqarish jarayonlarini taqdim etishi kutilmoqda.
–Joriy yilning may oyida neft va energetika sohalari bilan bog‘liq ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Bunda “O‘zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko‘rgazmasi va anjumani o‘tkaziladi. “Energetika, energiya tejash, atom energiyasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasida “yashil” energiya tejamkor texnologiyalari namoyishi bugungi kundagi dolzarb masalalar yechimida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, O‘zbekiston energetika forumi an’anaviy va qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi asosiy kompaniya vakillarini birlashtirib, jahon energetika hamjamiyatiga O‘zbekiston energetika tarmog‘i va Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirishning dolzarb rejalarini muhokama qilishga keng yo‘l ochib beradi, – dedi “Iteca yexhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova.
Qizg‘in fikr-mulohazalar asosida o‘tgazilgan tadbirda 2023 yilgi ko‘rgazmalar mavsumi va ishtirokchilarga doir videolavha ham taqdim etildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri