O‘zbek xalqining buyuk mutafakkiri, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Gumanist shoir ijodiga bag‘ishlangan ana shunday tadbirlardan biri “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida ham o‘tkazildi.

Tadbirda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov turkiy adabiyot iftixori bo‘lgan Alisher Navoiy ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, inson va uning o‘zi yashab turgan makondagi o‘rni, odam va olam, yaxshilik, ahillik singari o‘lmas g‘oyalarini tarannum etishdagi mahorati va iste’dodi xususida so‘zlab berdi.

Alisher Navoiyning lug‘at boyligi 26 mingdan ortiq so‘zni tashkil etadi. Qiyoslash uchun «rus poeziyasining quyoshi» sanalgan A.S.Pushkin ijodini 21 ming so‘z tashkil qilar ekan. Ulkan so‘z boyligiga ega bo‘lgan buyuk mutafakkirning she’r va g‘azallari, poemalari mana, olti asrga yaqin vaqt mobaynida xalqimiz tomonidan tarannum etib kelinmoqda. Navoiy asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil dekabrdagi tegishli bayonnomasiga asosan mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko‘zi ojizlar uchun turli mavzu va janrdagi adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarixiy asarlarni ham brayl yozuvida nashrga tayyorlash va chop etish «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyiga yuklatilgan.

Buyuk bobokalonimizning 582 yilligini nishonlash arafasida brayl alifbosida ilk bor «Navoiy g‘azallari» kitobi mazkur korxonada chop etildi. Bu, o‘z navbatida, Alisher Navoiy ijodi muxlislarining sonini ko‘payishiga, Navoiy bobomizning asarlarini bevosita o‘qib, olam-olam zavq-shavq olishga imkon yaratdi. Bu yo‘nalishdagi ishlar, ya’ni, turli davrlarda ijod qilgan va xalqimiz mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan shoir va adiblarning eng sara asarlarini brayl yozuvida o‘qiydigan o‘quvchilar ommasiga munosib sovg‘a bo‘lishiga shubha yo‘q.

 

O‘zA