Joriy yil 10 fevralida “Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvargacha tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarga xorijdagi ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismini qoplab berishda mazkur noturar joylar maydoniga qo‘yilgan me’yor 100 kvadrat metrdan 250 kvadrat metrga oshiriladi.

Yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, lak va bo‘yoq sepish ustasi, dizayner kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda ular ish haqining 25 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 9 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvargacha tegishli mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.  Sintetik polimerlar yoki kimyoviy modifikatsiyalangan tabiiy polimerlarga asoslangan, suvsiz muhitda tarqalgan yoki erigan bo‘yoqlar va laklar shu jumlasidandir.

 

 

O‘zA