O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuqori ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanib borayotgani, o‘z navbatida aloqalarning faollashuvi mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda parlamentlararo hamkorlikning istiqbollari, xususan o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish yuzasidan fikr almashildi.
T.Norboyeva O‘zbekiston – Qozog‘iston aloqalari mustahkamlanib borayotgan hozirgi sharoitda parlamentlararo hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish muhim ekanini qayd etdi. Parlament a’zolari davlatlarimiz rahbarlari tomonidan belgilangan maqsadlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishi zarur.
Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib, parlamentlar madaniy almashinuvlarni, xususan, fan, ta’lim, turizm, sport va boshqa sohalarda qo‘shma faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda faol bo‘lishi lozim.
M.Ashimbayev Markaziy Osiyo davlatlari forumining mintaqaviy ahamiyatiga to‘xtalib, mazkur formatdagi maydonni tashkil etish tashabbuskori aynan O‘zbekiston bo‘lganligini alohida ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli konstruktiv hamkorlik mazkur platformada yanada yangi bosqichga ko‘tarilishi va ikki davlat o‘rtasida yuqori darajada kelishilgan turli sohalardagi aloqalar yanada samarali olib borilishiga zamin bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kuchaytirish maqsadida parlamentlarning imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar yuzasidan muntazam ravishda muloqot va fikr almashishni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zA