Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilgi tuman va shahar byudjetlarida “Tashabbusli byudjet” uchun jami 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumiga 1 trillion so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, 2023 yil boshiga mahalliy byudjetlarda shakllangan erkin qoldiq mablag‘larining 30 foizi mahalliy hokimliklar tomonidan Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi mavsum uchun Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalarida jami 1,7 trillion so‘m mablag‘ shakllanishi va ushbu mablag‘larning ovoz berish jarayoni boshlanguniga qadar Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yil 9 fevral holatida Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalarida 899 milliard so‘m mablag‘ shakllangan. Umuman olganda jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun 2023 yilda byudjetdan jami 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish mo‘ljallangan. Shundan, 2 trillion so‘m “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun tuman va shahar byudjetlarida, 320 milliard so‘m “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida tuman va shahar byudjetlarida, 4 trillion so‘m “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish uchun rejalashtirilgan.

“Tashabbusli byudjet”da fuqarolar infratuzilma, yo‘l, maktab va boshqa ob’ektlarni yaxshilash bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning bir qismini taqsimlashda ishtirok etishi mumkin. Takliflar 26 fevralgacha qabul qilinadi.

 

Sh.Mamaturopova,    

O‘zA