Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Tozabog‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi uylarning birida joriy yilning 4 fevral kuni gaz tarmog‘idan sizib chiqqan tabiiy gaz chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘lgan.

Natijada ushbu uyda yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro Z.Y. olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan. Hodisa sodir bo‘lgan joy  Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi tomonidan o‘rganilgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filiali “Ellikqal’atumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy ma’lumotida qayd etilishicha, hozirda aybdor shaxslar doirasini aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal etilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri