Turkiyada yuz bergan tabiiy ofat va uning oqibatlari butun dunyoni larzaga soldi. Vayronalar ostida qolgan insonlar hayotini saqlab qolish va zilzila talafotlarini bartaraf etishga o‘zbek qutqaruvchilari, xususan, bir guruh tibbiyot xodimlarimiz ham hissa qo‘shmoqda.
Qardoshlarimiz boshiga tushgan og‘ir sinov va yo‘qotishlardan xalqimiz chuqur qayg‘uda. Davlatimiz tomonidan jo‘natilayotgan gumanitar yordam yuklariga qo‘shimcha ravishda jamoatchilik vakillari ham o‘z tashabbusi bilan insonparvarlik ko‘magini ko‘rsatish harakatida.
Shunday damlarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi bir guruh tizim mas’ullari Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga borib, qardoshlarimizdan ko‘ngil so‘radi va bu yerda ochilgan hamdardlik kitobiga o‘z tasalli so‘zlarini yozib qoldirdi.
O‘zA