Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan joylarda adabiy-badiiy kechalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, ulug‘ mutafakkirning ijodi va hayotiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Nukus garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yozuvchi-shoirlar, o‘qituvchilar, kuch tuzilmalarining muddatli harbiy xizmatchilari, Ibrayim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabi, Ichki Ishlar vazirligiga qarashli akademik litsey va “Temurbeklar maktabi” hamda 44-sonli umumta’lim maktabining bir guruh o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda muddatli harbiy xizmatchilar va o‘quvchi-yoshlardan iborat jamoalar o‘rtasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi yuzasidan zakovat intellektual o‘yini tashkil etildi. G‘oliblar hamda faol ishtirokchilar harbiy okrug qo‘mondonligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri ijodkorlari va o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, g‘azalxonlik, kuy va qo‘shiqlar tadbirga lirik kayfiyat ulashdi.
O‘zA