“O‘zyo‘linspeksiya” axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilgan va ta’mirlangan yo‘llar sifatini nazorat qilish borasidagi ishlar yuzasidan quyidagilarni gapirib berdi:

– 2022 yil davomida “O‘zyo‘linspeksiya” tomonidan nazorat qilish rejasiga kiritilgan 316 ta “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan ob’ektlarning barchasida nazorat ishlari o‘tkazildi. Nazorat natijasida mazkur ob’ektlarda 547 ta qoidabuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, yo‘llarni saqlovchi va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlariga 301 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Barcha qoidabuzilishlar o‘z muddatida bartaraf etildi.

20 holat bo‘yicha 257,63 million so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlar hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi. 3 ta holatda qonun hujjatlari talablarini buzayotgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida yuqori turuvchi organlarga taqdimnoma kiritildi.

Prezidentning 2022 yil 18 maydagi tegishli qarori bo‘yicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan 983 ta sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llarini qurish obektlari ham nazorat qilindi. Natijada 670 ta qoidabuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlariga 263 ta majburiy ko‘rsatmalar berildi. 41 ta holat bo‘yicha 443,2 million so‘mlik sifatsiz bajarilgan ishlar hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha talabnomalar kiritildi. 5 ta holatda mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Umuman, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yuzasidan barcha yo‘l-qurilishi ob’ektlarida qo‘pol ravishda qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan va ko‘rsatmalarni muddatida bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi asosida tegishli choralar qo‘llash uchun 22 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy sud organlariga yuborildi, – dedi K.Shamsiddinov.

Mutasaddi mazkur dasturlar doirasida yo‘l sohasidagi aholi murojaatlari hamda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ayrim muammoli masalalar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

– Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani “Hurlik” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan – Nurafshon va Farovon ko‘chalari holati bo‘yicha qilingan murojaatga e’tibor qaratmoqchimiz.

Tumandagi davlat dasturiga tushgan “Nurafshon” ko‘chasida 0,710 km beton qoplama, “Nurafshon-1” ko‘chasida 0,211 km beton qoplama, “Farovon” ko‘chasida 0,260 km beton qoplama va mazkur ko‘chadagi 0,574 km asfaltbeton qoplama yotqizish ishlari – “Surxondaryo mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” korxonasi buyurtmachiligida “Surxondaryo yo‘l qurish-ta’mirlash” korxonasi tomonidan bajarilgan. Termiz transport prokuraturasining buyrug‘i asosida o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida bu ishlarda kamchiliklar aniqlanmagan.

Murojaat asosida Sho‘rchi tumani obodonlashtirish boshqarmasi vakillari bilan birga olib borilgan o‘rganishlarda mahalla hududida jami 13,5 km tuproq yo‘llar mavjudligi aniqlandi. Bu yo‘llarni tosh qoplamaga o‘tkazish, hashar yo‘li bilan ta’mirlash ishlari 2022 yilning noyabr oyida boshlangan bo‘lib, bugungi kunda 2 km yo‘lga tosh qoplama yotqizilgan, qolgan 11,5 km yo‘llarda xam hashar yo‘li bilan tosh qoplama yotqizish rejalashtirilgan, – dedi axborot xizmati rahbari.

O‘zA