Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati bo‘yicha axboroti tinglandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatova axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshlagan va bu fuqarolar murojaatlarini tezkorlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini beryapti.

Hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17 ming 761 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 14 ming 526 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, 3 ming 235 tasi jazoni ijro etish muassasalaridan yuborilgan.

Murojaatlar viloyatlar kesimida aholi sonidan kelib chiqib tahlil qilinganda eng ko‘p masalalar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.

O‘tgan 2022 yilda Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tashkilot yoki mansabdor shaxslarga 134 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari, sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 20 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 78 ta da’vo arizalari kiritilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirishi belgilangan mablag‘lar 2 mlrd 372 mln so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, 45,4 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi. Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha esa jami 505 mln. 914 ming so‘m mablag‘ undirildi.

Yig‘ilish davomida F.Eshmatova qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining olish bo‘yicha faoliyatiga to‘xtalar ekan, 2022 yilda o‘tkazilgan monitoring tashriflari soni 381 marotabani tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshganligini ma’lum qildi.

F.Eshmatovaning ta’kidlashicha, Milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida o‘tkazilgan monitoring tashriflari davomida 2022 yilda 6 mingdan ortiq shaxs  bilan jamoaviy uchrashuvlar, 1 ming 657 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilgan.

Shuningdek, hisobot davrida Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

Ombudsman so‘roviga asosan prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta (2021 yilda 32 ta) qarorning barvaqt qabul qilingani aniqlangan. Ushbu qarorlar bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilangan.

52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirilgan bo‘lsa, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tayinlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirilgan. Qolaversa, 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila a’zolariga moddiy va ijtimoiy ko‘mak berilib, 21 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazilgan.

Eshituvda Parlament komissiyasi a’zolariga Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati haqida ham ma’lumot berildi.

O‘zA