Poytaxtimizda Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Navoiy va Sharq Renessansi” nomli II Xalqaro simpozium tashkil etildi.
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari, ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi bugungi kunda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Har yili Alisher Navoiy tavalludi kunida o‘tkazilayotgan “Navoiy va Sharq Renessansi” mavzusidagi xalqaro simpozium ham mazkur ezgu tashabbusning uzviy qismidir.
Simpoziumda Eron, Rossiya, Turkiya, Tojikiston va boshqa xorijiy davlatlardan olimlar, adabiyotshunoslar ishtirok etdi. Adabiy simpoziumda bugungi globallashuv davrida tinchlik va barqarorlik, xavfsizlikni ta’minlashda Alisher Navoiy asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Aytish joizki, 2021 yili Pokistonning Lahor shahrida Alisher Navoiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, yurtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ayni paytda Koreya, Xitoy, Germaniya, Eron kabi davlatlarda Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondining vakolatxonalarini ochish, bu mamlakatlarda navoiyshunos olimlar bilan hamkorlik o‘rnatish ustida ishlar olib borilmoqda.
– Yangilanayotgan O‘zbekistonda yangi tashabbuslar, yangi tafakkurga guvoh bo‘lmoqdamiz, – dedi tojikistonlik olim Baxtiyor Fayzullayev. – O‘zbekistonda Alisher Navoiy tavalludi davlat miqyosida nishonlanishi, u zotning merosini o‘rganishga bo‘lgan ulkan e’tibor diqqatga sazovordir. Navoiyshunoslik ilmida “Navoiy va tojik adabiyoti” mavzusi muhim yo‘nalishdir. Zero, Navoiy “Foniy” taxallusi bilan ham forsiyda ijod qilgan. Hirot adabiyotida Navoiyga bir qator tojik shoirlari izdoshlik qilgan. Mazkur anjuman natijasi o‘laroq, do‘stligimiz abadiy bo‘lishini tilab qolaman.
Xalqaro simpoziumda Alisher Navoiy ijodini jahon miqyosida o‘rganish, bobomiz ulug‘lagan umuminsoniy ezgu g‘oyalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat)
O‘zA muxbiri