bugungi kunda butun Yer yuzida toza ichimlik suvi katta muammoga aylanib bormoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yillardan boshlab 1,2 milliard aholi muntazam ravishda chuchuk suv muammosi kuzatiladigan mintaqalarda istiqomat qilib keladi. Tahlilchilar XXI asrning uchinchi o‘n yilligi o‘rtalariga borib, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo yanada globallashishini ta’kidlaydi.
Mamlakatimizda ham suv bilan bog‘liq muammo, suv tanqisligi yildan-yilga jiddiy tus olib bormoqda. Shu bois, suv tanqisligini bartaraf etish maqsadida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirib kelinadi. Xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribalari ham o‘rganilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Singapurga davlat tashrifi doirasida “yashil” texnologiyalar, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi.
Ta’kidlash joizki, Singapurning suv resurslarini oqilona boshqarish, suv tejovchi texnologiyalar borasidagi tajribalari alohida e’tiborga molik. Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi Nozim Hasanov bilan Singapur davlatining suv tejash sohasidagi tajribalari xususida suhbatlashdik.
— Singapur suv boshqaruvida o‘ziga xos tajriba orttirishida qanday omillar turtki bo‘lgan?
— Singapur Osiyo qit’asining eng rivojlangan davlatlaridan bo‘lib, yangi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Singapurning suv resurslarini oqilona boshqarishi, jumladan, aholini suv bilan ta’minlash tajribasi alohida e’tiborga molik. Bu shahar-mamlakat tabiiy yo‘l bilan shakllanadigan suv resurslariga ega emas. Shuning uchun ham suv siyosatiga, suvdan oqilona foydalanishga katta e’tibor qaratiladi. Mutaxassislarning fikricha, Singapurning suv strategiyasi dunyoda eng optimal hisoblanadi.
Singapur suvni tejamkor va oqilona ishlatishga bo‘lgan intilishining muhim omillaridan biri — bu qo‘shni Malayziyaning suv resurslariga bog‘liqligi hisoblanadi. Ya’ni, mamlakat ehtiyojidagi suvning 40 foizi Malayziyadan keltiriladi. 30 foizi esa “NEWater” dasturi — chiqindi suvlarini tozalashga mo‘ljallangan dastur hisobiga olinadi. Dengiz suvini chuchuklashtirish 20 foizni, mahalliy suv havzalari 10 foizni tashkil etadi. Shu bois ham xalqning o‘zi tushungan holda suvni tejaydi. Suvni qayta ishlashga alohida e’tibor beriladi.
2006 yilda Singapur hukumati mamlakatni suv resurslari sohasidagi global tadqiqot markaziga aylantirish maqsadida katta investitsiyalar kiritdi. Bundan tashqari, 2008 yilda Singapur Milliy universiteti qoshidagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabida maxsus suv siyosati instituti tashkil etildi. Singapurda 2008 yildan beri o‘tkazilayotgan Singapur xalqaro suv haftaligi jahon suv sanoati olamidagi muhim voqealardan biri hisoblanadi.
Yana bir narsaga e’tiboringizni qaratmoqchiman, bugungi kunda ushbu mamlakatda suv ta’minoti bilan shug‘ullanadigan 70dan ortiq mahalliy va xalqaro kompaniyalar faoliyat yuritib kelmoqda. Undan tashqari, 23 ta tadqiqot markazlari 100 ga yaqin loyihalar ustida ish olib bormoqda. Singapurning suv sohasidagi amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlari, ayniqsa, bu sohaga tegishli qonunchilik bazasini takomillashtirish, suv narxini belgilash, davlat ta’limi va bu boradagi ilmiy-tadqiqot ishlari mamlakatga nafaqat suv ta’minotining dolzarb muammolarini hal qilishga, balki suv tadqiqotlari va texnologiyalarini joriy qilish global markaziga aylanish imkonini berdi.
bugungi kunda shahar aholisini suv bilan ta’minlashga qaratilgan maxsus “To‘rt jo‘mrak” nomli loyiha tizimi muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Birinchisi – mahaliy suv yig‘ish tizimi, ikkinchisi – Malayziyadan suv olish, uchinchisi – chiqindi suvlarini qayta ishlash va to‘rtinchisi – dengiz suvini chuchuklashtirish, ya’ni uni iste’molga yaroqli qilish.
— Chiqindi suvlari qay tartibda tozalanadi va undan qanday maqsadda foydalaniladi?
— Chiqindi suvlarini ishlatish samarali amalga oshiriladi. Maxsus tuzilgan kommunal xizmatlari korxonalari tomonidan chiqindi suvlarini tozalashga mo‘ljallangan noyob “NEWater” nomli texnologiya ishlatiladi. Hozirgi vaqtda kommunal xizmatlar tomonidan foydalaniladigan tozalash inshootlarining quvvati kunlik suv ta’minotining 30 foizini (kuniga 520 ming m3) ta’minlash imkonini beradi.
Suvni tozalash yoki regeneratsiya jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Avval suv membrana filtri yordamida kichik zarralar — axlat va bakteriyalardan tozalanadi, so‘ngra ultrabinafsha va vodorod periksi yordamida zararsizlantiriladi. Qayta ishlangan suv asosan ishlab chiqarish va sanoat korxonalariga yo‘naltiriladi. Undan ortib qolgan suv 17 ta yirik suv omborlaridan biriga yuboriladi.
— Qayta ishlangan suv sifati belgilangan talablarga to‘liq javob beradimi?
— Tadqiqotlarga ko‘ra, “NEWater” texnologiyasi yordamida tozalangan suv Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga to‘liq javob beradi. Hatto ovqat pishirish va ichimlik suvi sifatida ishlatilishi ham mumkin.
— O‘zbekiston Singapurning suv resurslarini boshqarish va tejash borasidagi qaysi tajribalarini o‘rganishi, o‘zlashtirishi mumkin?
— Darhaqiqat, Singapurning suvni tejash borasidagi tajribalari biz uchun ham e’tiborli. Masalan, mamlakat daryolarining quyilish qismida to‘g‘onlar barpo etishni ko‘zda tutuvchi yangi suv ta’minoti tizimlarini qurish tajribasi mutaxassislarimiz uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin. Shuningdek, suv xo‘jaligi ob’ektlarining qurilishida, ekspluatatsiya qilinishida, ularning xavfsizligini ta’minlashda yuqori texnologiyalarni joriy qilish tajribasining foydali tomonlarini o‘rganishimiz mumkin.
Yana bir jihat — yomg‘ir suvlaridan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Singapurda yog‘ingarchilik yiliga o‘rtacha 2 ming 400 millimetrni tashkil etganligi tufayli (dunyodagi ko‘rsatkich 1050 mm) bu yerda suv omborlarini yomg‘ir suvlari bilan to‘ldirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bu tajribani ham o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Singapurda suv ta’minoti bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar 2060 yilga qadar ikkita yangi qurilmani ishga tushirish natijasida chuchuk suv hajmini 2 baravar va “NEWater” zavodlarining quvvatini 3 baravarga oshirib, suv ta’minotini 80 foizga ko‘tarishi ko‘zda tutilgan. Bunday muvaffaqiyatlarga yirik mahalliy va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi tufayli erishilmoqda.
O‘zbekiston uchun suv resurslaridan foydalanish hozirgi kunda katta ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, biz Singapurning bu boradagi tajribasini o‘rganish va amalda qo‘llanishiga e’tibor qaratishimiz maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Bu borada davlatimiz rahbarining Singapurga tashrifi davomida yaqin istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari orasida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ilg‘or “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish, shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish kabi masalalar joy olgani alohida e’tiborga molik.
Muhtarama Komilova suhbatlashdi.
O‘zA