Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi 22 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari ishidan aholi juda mamnun. Ularning sa’y-harakati bilan mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat barqarorlashmoqda. Aholining bandlik darajasi oshib, oilalarning daromad manbalari, tomorqa yerlardan foydalanish holati yuksalmoqda.

Mahalla va ovullardagi barcha xonadon birma-bir xatlovdan o‘tkazilib,  ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga qarab 4 ta toifaga ajratildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Mahallabay” ishlash tizimi asosida amalga oshiriladigan ishlarning “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Aholi bandligi ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hokim yordamchilari ko‘magi bilan 4 ming 957 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, tumandagi 1 ming 942 ta oilaga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun  44,6 milliard so‘m imtiyozli kredit, 318 nafar fuqaroni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish maqsadida 2,3 milliard so‘m subsidiya ajratildi.

Fuqarolar yig‘inlaridagi 11 nafar lider tadbirkorga kooperatsiya asosida  205 nafar fuqaro a’zo qilinib, tikuvchilik va hunarmandchilik yo‘nalishida ish bilan band qilindi. Bundan tashqari,  joylarda Investitsiya dasturiga kiritilmagan, hokim yordamchisining nazoratida bo‘lgan sanoat, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi 64 ta kichik loyiha ishga tushirilishi natijasida 339 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Yo‘l xaritasi” asosida hokim yordamchilari tomonidan 674 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi.

Qishloq joylarida aholining, ayniqsa “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari” ga kiritilgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida 604 lotga joylashtirilgan 388,7 gektar yer maydoni elektron tanlovga qo‘yilib, 522 nafar fuqaro 306,8 gektar yer maydoni tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Aholi o‘rtasida chorvachilikni rivojlantirish maqsadida  124  ta xonadonda 613 bosh qo‘y-echki, 13 ta xonadonda 74 bosh parranda, 2 ta xonadonda 15 bosh quyon parvarish qilish yo‘lga qo‘yildi. Hokim yordamchilari tomonidan xatlov natijalari, aholi bandligini ta’minlash,  kredit ajratish va tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar nazoratga olingan.

Jumladan,  “Temir yo‘l guzari” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Azizbek Tajetdinov tomonidan “Mahallabay” ishlash tizimi asosida 1156 ta xonadon birma-bir xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga qarab 4 ta toifaga ajratildi. Natijada, 274 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 87 ta oilaviy tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun 2,1 milliard so‘m kredit hamda 14 nafar fuqaroni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish uchun 102,5 million so‘m subsidiya ajratildi.

Hududda 41 ta tadbirkorlik sub’ekti yangidan tashkil etildi. Bundan tashqari, mahalla Investitsiya dasturiga kiritilmagan, hokim yordamchisining nazoratida bo‘lgan sanoat, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi 5 ta kichik loyiha ishga tushirilishi natijasida 33 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalangan holda joriy yilda savdo va servis yo‘nalishida 146 ta, hunarmandchilik sohasida  8 ta, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan  97 ta, jami 251 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, – deydi hokim yordamchisi Azizbek Tajetdinov. – Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 2,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi hisobidan  105 nafar fuqaroning, 12 ta yo‘nalish bo‘yicha 110 million so‘mlik subsidiya ajratilishini ta’minlash, mahalla hududidagi “lider” tadbirkorlar bilan kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish hisobidan 20 nafar kam daromadli va ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.  Bundan tashqari, mahalladagi bo‘sh ob’ektlardan, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan va aholi tomorqa yer maydonlaridan unumli foydalanish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirgan.


Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA