bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rganish va chuqur bilishning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu bois yurtimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xorijiy tillarni o‘qitishni jahon andozalari darajasida tashkil etish, aholi, xususan, yoshlarda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirishda nodavlat ta’lim muassasalarining ham o‘rni alohida. Bu turdagi muassasasalar faoliyatini yurituvchi tadbirkorlar esa davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Olmazor mahallasida yangi tashkil etilgan “Brighton School” o‘quv markazi ingliz va rus tillarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Markazning 10 nafardan ziyod malakali pedagog-mutaxassis va fan o‘qituvchilari tinglovchilarga yangicha pedagogik usullar asosida saboq beradi. O‘quvchilar IELTS va SEFR xalqaro hamda milliy sertifikatlarga o‘qitiladi.
Shuningdek, abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash kurslari faoliyat yuritmoqda. Maktab yoshidagi bolalar uchun esa “Brighton Kids” o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, markazda matematika fani va mental arifmetikadan ham doimiy mashg‘ulotlar olib boriladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘ZA