O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamda USAIDning yurtimizdagi missiyasi vakillari bilan muloqot o‘tkazdi. Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston AQSHning koronavirus pandemiyasi davrida ko‘rsatgan amaliy ko‘magidan minnatdor. Xususan, COVID-19ga qarshi kurash uchun COVAX dasturi doirasida yetkazib berilgan vaksinalar mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va aholi salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shu bilan birga, keyingi yillarda yurtimizda USAID grantlari asosida ro‘yobga chiqarilayotgan qator loyihalar tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda. Masalan, mamlakatimizda sil va o‘pka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus tibbiy uskunalar bilan jihozlash, OIV, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya va tibbiyotning boshqa qator yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik aloqalari mustahkamlanyapti.

Uchrashuvda kelgusida tibbiy ta’limni rivojlantirish, xususan, AQSHdagi tibbiyot universitetlari bilan mamlakatimizdagi sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shifokor va hamshiralar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ro‘yobga chiqarish istiqbollari yuzasidan kelishib olindi.

O‘zA