O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Tojik adabiyoti kengashining yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2022 yilda tojik tilida nashr etilgan kitoblar, gazeta-jurnallarda chop etilgan turkumlar, shuningdek, adabiy aloqalar haqida ma’ruzalar tinglandi. Amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, kengash a’zolari yil davomida yurtimizning adabiy hayotida muhim o‘ringa ega bo‘lgan tadbirlarda, adabiy aloqalarning rivojlanishiga, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan turli ilmiy anjumanlarda, ijodiy uchrashuvlar va davra suhbatlarida faol ishtirok etdi. Kengash a’zolari tashabbusi bilan 20 dan ziyod tojik tilidagi kitoblar, 5 ta tarjima asar hamda “Sharq durdonasi” jurnalining ilk sonlari nashr etildi.

Shuningdek, “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” shoir va tarjimon Odil Ikrom tarjimasida dunyo yuzini ko‘rdi. Shoir Paymonning “Devon”i O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi. Respublika Tojik milliy-madaniy markazi bilan hamkorlikda tojik adabiyotining bugungi davr vakillaridan bir guruhining asarlari e’lon qilindi. O‘tgan yilda adiblar shaxsiy ijodda ham faol bo‘ldi. Ularning asarlari kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilindi.

Yig‘ilish ishtirokchilari ijodkorlarga berilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, joriy yilda yangi rejalar asosida ishlashga, adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.


O‘zA