Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, viloyatlar hokimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ekinlardan mo‘l va sifatli hosil olish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnika va agregatlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yig‘ilishda yuqori hosildorlikka erishishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish muhimligi qayd etildi. O‘z vaqtida mineral o‘g‘it bergan va sug‘organ fermerlarning dalalarida g‘allaning holati qoniqarli bo‘lib, baravj rivojlanmoqda.
Shunga qaramay, mamlakatimiz bo‘yicha bir necha ming gektar maydonda g‘alla yetishishi kechikmoqda. Jumladan, Toshkent, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlaridagi ayrim g‘alla maydonlarida shunday holatlar mavjud.
Majlisda g‘allani bargidan oziqlantirish, ya’ni suspenziya sepish, g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it solishda belgilangan me’yorlarga amal qilish hosildorlikning oshishida muhim rol o‘ynashi qayd etildi. Bu muhim agrotexnik tadbir mineral o‘g‘itlar samaradorligini 6-8 barobar oshiradi va o‘simlikning suvga bo‘lgan talabini 20-25 foizgacha kamaytirish imkonini beradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari g‘alla maydonlariga himoya vositalari, jumladan, fungitsid va gerbitsid aralashmasi sepishni 30 martgacha to‘liq yakunlash, g‘alla maydonlariga mart oyida yana bir marta va aprel oyida kamida ikki marta suspenziya sepishni qat’iy nazoratga olish vazifasi yuklandi.
Yig‘ilishda g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Mavsumga tayyorgarlik yuzasidan texnika vositalari sozligini ta’minlash, mavjud kombaynlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu boradagi mavjud kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda chigit ekishni sifatli o‘tkazish va to‘liq ko‘chat olish masalasi ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda 1 million 71 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekish belgilangan. Bu 2017-yilga nisbatan 135 ming, 2016-yilga nisbatan esa 184 ming gektar kamdir. Kam hosil beradigan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga xaridorgir sabzavot va poliz ekinlari ekish belgilandi.
Chigit ekish mavsumini qisqa muddatda o‘tkazish, to‘liq va sog‘lom ko‘chat undirib olish uchun hududlarda jami 3 ming 432 ta yer tayyorlash va chigit ekish otryadi tashkil qilingan. Joriy yilda yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘layotgani sababli chigitni tuproqning tabiiy namiga undirib olish kerak. Buning evaziga 1 milliard metr kub suv tejaladi. Bugun Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida tuproqda yetarli harorat bo‘lib, chigit ekish uchun juda qulay va optimal sharoit yuzaga kelgan.
Lekin bugungacha Surxondaryoda bor-yo‘g‘i 8 ming gektar yoki 11 foiz, Qashqadaryoda esa 5 ming gektar yoki 3,5 foiz maydonga chigit ekilgan. Kunlik ekish sur’ati ham 1 foiz atrofida bo‘lmoqda. Vaholanki, ushbu hududlarda chigit ekishning kechikib ketishi – g‘o‘zaning hosil to‘plash davri aynan issiq kunlarga to‘g‘ri kelib, hosilning katta qismini garmselga yoki hasharotga oldirib qo‘yishga sabab bo‘lishi barchaga ma’lum.
– Eng asosiysi, qishloq xo‘jaligida barcha muammolarni birma-bir yechib, bir tonna paxtaning o‘rtacha narxini 3 million 250 ming so‘m qilib belgilab qo‘ydik. Endi har yilgi “chigit ekishga mablag‘ yetmayapti, yoqilg‘i yo‘q” degan bahonaga o‘rin qolmadi, ajratilayotgan mablag‘lar barcha tadbirlar uchun yetadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Paxta va g‘alla yetishtirishni moliyalashtirish masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi. Mavsum davomida fermerlarga o‘zgarmas va cheklangan narxda mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari yetkazib berish zarurligi ta’kidlandi. Yaqinda qabul qilgan qarorga muvofiq paxta-g‘allaning xarid narxini xarajatlarni qoplaydigan va foydani ta’minlaydigan qilib belgilab berildi. Shuningdek, joriy yil paxta hosili uchun ajratiladigan imtiyozli kredit 6 trillion so‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 3 barobarga ko‘pdir. Eng asosiysi, fermerlarga beriladigan imtiyozli kreditlarda mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari uchun xarajatlarni 100 foiz qoplaydigan miqdorda mablag‘lar ko‘zda tutilgan.
– Ilgari imtiyozli kredit aniq yo‘nalish bo‘yicha ajratilib, fermer o‘z pulini mustaqil sarflay olmasdi. Endi esa kreditlarni taqsimlash fermerlarning buyurtmalari asosida tuman darajasida hal qilinadi, – dedi Prezident. – Fermerga faqat zarar olib keladigan, hosildorligi 15 sentnerdan past bo‘lgan yerlarga paxta ekishdan mutlaqo voz kechdik. Endilikda bunday maydonlarga yuqori daromadli eksportbop ekinlar ekiladi.
Yig‘ilishda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Fermerlar kengashi faoliyati talabga javob bermagani uchun tugatilib, uning o‘rniga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tashkil etildi. Kengashning aholi va dehqon xo‘jaliklariga tegishli unumdor tomorqa yerlaridan foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ishlari mutlaqo talabga javob bermasligi ta’kidlandi. Mahalliy hokimliklar ham bu sohaga yetarli e’tibor qaratmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yaqinda Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida tomorqa yer maydonlaridan foydalanish holati o‘rganilgani qayd etildi. Ushbu viloyatlarning ba’zi tumanlarida tomorqa yerlaridan samarali foydalanilmayotgani aniqlangan. Aksariyat aholining 8-10 sotix tomorqa yeri bo‘lsada, hech narsa ekmagan.
Davlatimiz rahbari kichik tomorqadan mo‘l hosil olib, oilasini boqayotgan, katta daromad topayotgan mehnatsevar odamlarni o‘rnak qilib ko‘rsatdi.
– Cho‘p suqsang, ko‘karadigan yerimiz bor, mehnatsevar xalqimiz bor. Lekin tomorqa yerlaridan – shunday katta rezervdan foydalanmayapmiz. Shuning uchun bugundan boshlab “Tomorqaga ekin ekish” oyligini e’lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak. Agar hozir ekmasak, keyin kech bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada aholiga ko‘maklashish maqsadida barcha tumanlarda “Tomorqa xizmati” korxonalarini tashkil etish, ular orqali tomorqalar uchun ko‘chat, mineral o‘g‘it, kimyoviy preparatlar yetkazib berish, mexanizatsiya va boshqa servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Shu xizmatlar yetishtirilgan hosilni xarid qilish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Yig‘ilishda meva-sabzavot, kartoshka, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq ishlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 2017-yilga nisbatan 24 foiz ko‘p mahsulot yetishtirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Ushbu rejadagi meva-sabzavotlarni sifatli yetishtirish, xalq iste’moli uchun g‘amlash, belgilangan qismini eksport qilishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, barcha turdagi ekanlardan mo‘l-ko‘l hosil olish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.