Madriddagi Ifema savdo va ko‘rgazma markazida “FITUR-2023” 43-xalqaro turizm ko‘rgazmasi ochildi.
Ispaniyaga borgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy piar markazi” DUK, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ, shuningdek mamlakatimizdagi “Uzbekistan Discovery”, «El Mundo Tour», «Orient Voyages”, “Orient star group” kabi sayyohlik kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Qayd etish joiz, “FITUR-2023” ochilishi arafasida Ispaniyadagi elchixonamiz “ACIR” (Ispaniya) Yevroosiyo biznes alyansi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – Ispaniya: sarmoyaviy imkoniyat” mavzusida seminar tashkil qilindi. Madrid biznes-forumi ofisida o‘tgan mazkur tadbir ekspertlar, tahlilchilar va ishbilarmon doiralar hamda Ispaniya ommaviy axborot vositalari vakillarini bir joyga to‘pladi.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili milliy stendimiz bilan tanishdi. U Markaziy Osiyo yuragi bo‘lgan mamlakatimizda turizm jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir doirasida respublikamiz turistik va madaniy merosi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma davomida o‘zbekistonlik turoperatorlar va ispan kompaniyalari o‘rtasida yangi aloqalar o‘rnatish, qo‘shma turlar tashkil etish bo‘yicha shartnomalar tuzish rejalashtirilmoqda. “FITUR-2023” 43-xalqaro turizm ko‘rgazmasi 22 yanvargacha davom etadi.
Har yili o‘tkaziladigan ushbu ko‘rgazmada turizm industriyasining barcha qatlami vakillari – turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar vakillari, tashuvchilar, turistik ofislar, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar qatnashadi. O‘zbekiston mazkur xalqaro anjumanda 2005 yildan buyon qatnashib kelmoqda.
O‘zA