BMTning jahon mamlakatlari farovonligi darajasini o‘rganuvchi markazi — The World Happiness Report 20 mart Butunjahon Baxtiyorlik kuni oldidan “Baxt indeksi”ni e’lon qildi. Unda dunyoning 156 davlati aholisining hayotiga baho berilgan. Hisobotga ko‘ra MDH mamlakatlari orasida o‘zbekistonliklar birinchi o‘rinda ekani ma’lum bo‘ldi. Yurtimiz jahondagi eng baxtli 50 mamlakatdan biri sifatida e’tirof etildi va 44-o‘rinni egalladi (o‘tgan yilgi hisobotda 47-o‘rinda edik).
2018 yilda Tojikiston “Baxt indeksi”ni yaxshilab, 96-o‘rindan 80-o‘ringa ko‘tarildi. Qirg‘iziston 92-o‘rini qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston o‘zining o‘tgan yili 60-o‘rnini saqlab qoldi. Eng baxtli mamlakatlar o‘ntaligiga Finlyandiya, Norvegiya, Daniya, Islandiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Avstraliya kiritildi.
Baxt nima, degan savolga ming nafar odam ming xil javob beradi. Chunki baxtni har kim har xil tushunadi. Olimlarning fikricha baxt – bu ichki ehtiyoj va talabning qondirilishidir. Baxtli odamlar baxtli mamlakatda erkin va ozod yashaydilar. Oddiy til bilan aytganda baxt bu ichki qoniqish bilan yashashni anglatadi.
“Baxt indeksi” mamlakatlarning har birida mingga yaqin odam orasida bevosita so‘rov o‘tkazish va mahalliy tashkilotlar o‘tkazgan so‘rov natijalari asosida tuzilgan. Mualliflar o‘z xulosalarini aholining daromadi, farovonlik ko‘rsatkichlari, mamlakat ichki yalpi mahsulotining jon boshiga ulushi, ijtimoiy himoyalanganligi, hayot darajasi, tibbiyot rivoji, aholining hayotdan qanchalik qoniqishi kabi omillarga tayanib chiqargan.
Ayon bo‘lishicha, har bir ishtirokchi davlatdagi baxtlilik darajasi ular aholisi vakillarining individual baholariga tayanib keladi. Shuni ta’kidlash kerakki, Kolumbiya universiteti olimi Jeffri Saks (Jeffrey Sachs), Londondagi iqtisodiyot maktabi o‘qituvchisi Richard Leyard (Richard Layard) va Britaniya Kolumbiya universiteti xodimi Jon Xelliuell (John Helliwell) mazkur loyiha ustida 2012 yildan beri faolliyat yuritib kelishadi. Ular shu tariqa jahon mamlakatlari hukumatlariga davlatlarning taraqqiyoti faqat iqtisodiy o‘sish bilangina baholanmasligini isbotlashga urinishadi. To‘g‘ri, taraqqiy etgan mamlakatlarda odamlar to‘kis yashaydi. Lekin, bu ularning baxtli ekanini anglatmaydi. Tadqiqotchilar o‘z xisobotlarida odamlarning baxtli xayot kechirishlariga sabab bo‘ladigan boshqa omilarni ham topishga urinishadi.
Inson hamisha baxtga intiladi. Baxtga ikkita yo‘l bilan erishish mumkin. Birinchisi – boylik: yaxshi uy-joy, kiyim-bosh va hakozolar. Ikkinchisi – ma’naviy boylik.
Butunjahon Baxtiyorlik kunida e’lon qilingan bu hisobot jahon ommaviy axborot vositalarining e’tiboridan chetda qolmadi. Yangi hisobot internet nashrlarida “O‘zbekistonliklar MDHda hammadan baxtli» sarlavhasi ostida e’lon qilindi.
Qayerda tarraqiyot va umid bo‘lsa, o‘sha yerda baxt mavjud bo‘lishi o‘z isbotini topmoqda. O‘zini baxtli hisoblovchi insonlar asosan Osiyo va Janubiy Amerikada istiqomat qilishi aniqlandi. G‘arbiy Yevropa aholisi esa tushkun kayfiyatda ekani oydinlashdi. Kuzatuvchilarning fikricha, boylik baxtni belgilamaydi. Baxtga tinchlik va xotirjamlik xukm surgan yurtdagina erishiladi. Daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan daromadi pastroq bo‘lgan davlatlarda yashayotgan insonlar o‘zlarini baxtli sanashlari baxt pulda emas, degan maqolning nechog‘liq to‘g‘r ekanini isbotlamoqda. AQShning Prinston universiteti olimlarining fikriga ko‘ra, inson baxti mutlaqo pulga bog‘liq emas ekan. Chunki, baxtni pulga sotib olib bo‘lmaydi. Psixolog, Nobel mukofoti sovrindori, professor Daniel Koznman hamda iqtisodchi Alan Kryugerning xulosasiga ko‘ra, boylar boshqalarga nisbatan baxtliroq emas va bo‘lolmaydilar ham!..
Baxt deganda nafaqat boylik, balki mehr-oqibat, odamlarning bir-birlariga bo‘lgan munosabatlari, o‘zaro ishonch ham tushiniladi. Taxlilchilarning fikricha, qaysi mamlakatda odamlar qiyin vaziyatlarda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlasa, yordam bersa, ana o‘shalar baxtli kishilardir. O‘zbekistonning mazkur ro‘yxatdan 44-o‘rinni egallashi ham o‘zbekona qadriyatlarimiz, mehr-oqibatimiz tufayli bo‘lsa kerak. Chunki xalqimiz azal-azaldan muhtojlarga yordam berishni muqaddas burchi deb biladi. Bu yozilmagan qonun darajasiga ko‘tarilgan.
Hisobotda “O‘zaro xamkorlik” degan band bor. Unda baxtli jamiyat yaratish yo‘lida odamlarning muhim tadbirlarda birgalikda ishtiroki ko‘zda tutilgan. Odamlar jamiyatda o‘z o‘rinlarini topgan taqdirdagina o‘zlarini baxtli sanaydilar. Qayerdagi odamlar jamiyat uchun kerakli ekanliklarini his qilsalar bu mamlakatni baxtli insonlar yurti deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi.
World Happiness Report tadqiqotchilarining fikricha, qaysidir mamlakatda tashqaridan kirib kelgan qoidalar asosida emas, balki ming yillik qadriyatlar asosida turmush kechirilar ekan, ana o‘sha mamlakat axlini eng baxtli deb atash kerak.

 

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA