O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ruknda aholidan tushayotgan savollarga javob beriladi.
Quyida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan pensiya bilan bog‘liq savollarga javob topasiz.
Savol: Pensiya olish uchun kimga murojaat qilish kerak? Murojaat qilish tartibi va muddatlari qanday?
Javob: Xodimlarga va ularning oila a’zolariga (boquvchisini yo‘qotgan taqdirda) pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza oxirgi ish joyidagi korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyati orqali beriladi.
Ma’muriyat ariza tushgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddat ichida staj va ish haqi to‘g‘risidagi zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi hamda ularni berilgan ariza va o‘z taqdimnomasi bilan birga arizachi istiqomat qiladigan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga yuboradi.
Savol: Pensiya olish uchun qanday hujjatlarni taqdim etish kerak?
Javob: Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga ish stajini, shu jumladan maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat; ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma; ariza beruvchining jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi nusxasi ilova qilinadi.
Nogironlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga esa yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari baxtsiz hodisa va sog‘liqning ishlab chiqarishda boshqa shikastlanishi to‘g‘risidagi hujjat yoki agar nogironlik mehnatda mayiblanish oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lsa — boshqa rasmiy hujjat ilova qilinadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga esa pensiya tayinlanayotgan shaxsning yoshini tasdiqlovchi hujjat; oila a’zosining vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar; boquvchining vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki uning bedarak yo‘qolganligi to‘g‘risida sudning qarori; uning ish stajini, maxsus ish stajini tasdiqlaydian hujjat, jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi nusxasi hamda ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.
Savol: Turmush o‘rtog‘im yaqinda vafot etdi. Turmush o‘rtog‘imga tayinlangan pensiyani men yoki bolalarim olishi mumkinmi?
Javob: Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega.
Bunday pensiya uni olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab, lekin pensiya tayinlanishi uchun murojaat etishdan oldingi 6 oydan oshmagan muddatdan e’tiboran tayinlanadi.
Pensiya marhumning oila a’zosi mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblangan butun davr uchun, oilaning: erkaklar — 60 yoshga, ayollar — 55 yoshga to‘lgan a’zolari uchun esa — umrbod tayinlanadi.
Savol: Pensiya qancha muddatga tayinlanadi?
Javob: Yoshga doir pensiya — agar pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab oltmish kun ichida uni so‘rab murojaat etilgan bo‘lsa, pensiya yoshiga to‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya umrbod tayinlanadi.
Nogironlik pensiyasi — agar nogironlik belgilangan kundan boshlab oltmish kun ichida pensiya so‘rab murojaat etilgan bo‘lsa, TMEK nogironlikni belgilagan kundan e’tiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya butun nogironlik davri uchun tayinlanadi. 60 yoshdan oshgan erkak va 55 yoshdan oshgan ayol nogironlarga — nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi. Ana shu nogironlarni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi.
Savol: Hech qayerda ishlamagan shaxslar ham pensiyaga chiqishi mumkinmi?
Javob: Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonuniga asosan ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oila a’zolari davlat pensiyalari olish huquqiga ega emas.
Ularning ijtimoiy ta’minlanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 107-son qarori bilan tasdiqlangan Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomga asosan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxsga yoshga doir nafaqa mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlari, qarindoshlari yoki Oila kodeksiga muvofiq ularni ta’minlashga majbur bo‘lgan boshqa shaxslar bo‘lmagan taqdirda tayinlanadi.
O‘zA