Ertaga, 10 sentyabrdan mamlakatimiz bo‘ylab davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy etilgan «Besh tashabbus olimpiadasi» musobaqalarining ikkinchi bosqichiga start beriladi.

Shu yil aprel-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan «Besh tashabbus olimpiadasi»ning birinchi bosqichida yurtimiz yoshlari 5 ta yosh toifasi bo‘yicha 9 ta sport turida bahslashdi. Ko‘cha bosqichidan start berilgan ommaviy sport tadbirlarida respublikamizning 3 100 000 nafardan ziyod 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlari futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Yurtimizda ilk bor «katta yo‘lga» chiqqan «Besh tashabbus olimpiadasi»ning birinchi bosqichida 114 nafar yosh sportchi g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib, mazkur sport harakatining ilk qaldirg‘ochlari, degan nomga ega bo‘lishdi.

E’tiborli jihati, mazkur sport tizimining joriy etilishi natijasida ming-minglab yoshlar ommaviy sport tadbirlari bilan qamrab olindi. Mahallalarga shiddatli sport musobaqalari shamoli kirib bordi. G‘olib va sovrindorlikka ega bo‘lgan sportchilar, jamoalarning mahallalariga 3 turdagi sport maydonchalarini qurib berish belgilandi. Ayni kunlarda joylarda mazkur sport maydonchalarini qurish ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joiz, tashkilotchilar tomonidan ikkinchi mavsum o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Eng avvalo, musobaqalarni o‘tkazish nizomlari qayta ishlab chiqildi, ishtirokchilar borasida talablar aniq belgilab olindi. Shu bilan birga, ikkinchi mavsumdan o‘yinlar dasturiga milliy qadriyatimiz kurash musobaqalari ham kiritildiki, bu – yoshlar qalbida ota-bobolarimizdan meros an’analarga sadoqat, hurmat tuyg‘ularini yanada shakllantirishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

«Besh tashabbus olimpiadasi»ning ikkinchi mavsumi doirasidagi tanlov va musobaqalarga arizalarni qabul qilish joriy yilning 10 avgustidan 9 sentyabriga qadar davom etdi.

bugungi kunda Sportni rivojlantirish vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan kelib tushgan arizalar, talabnomalar ko‘rib chiqilmoqda.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungacha «Besh tashabbus olimpiadasi»da qatnashish istagini bildirgan yoshlar soni ikki yarim milliondan oshganligini, ularning asosiy qismi sport mashg‘ulotlaridan uzoq mahalla yoshlaridan iborat ekanligi nazarda tutilsa, aholi orasida ommaviy sport harakati jonlanayotganligidan dalolat bermoqda.

Ertaga boshlanadigan ikkinchi mavsumning ilk bahslari – ko‘chalararo bosqichi har bir mahalla umumta’lim maktablarida yoki mahalla qoshidagi sport maydonlarida o‘tkazilib, bellashuvlarni boshqarib borishda umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, joylardagi bolalar-o‘smirlar sport maktablari murabbiylari qatnashishi ularning ham malaka ko‘nikmasi shakllanishiga yordam beradi.

10 ta sport turi bo‘yicha o‘tadigan bahslarda 7-10, 11-15, 16-21, 22-26 va 27-30 yoshli mahalla yoshlari qatnashadi.

Ikkinchi bosqich musobaqalarining o‘ziga xos jihati – «Besh tashabbus olimpiadasi» yakunida mamlakatimizdagi yana 279 ta mahalla sport maydonchalariga ega bo‘lish imkonini qo‘lga kiritadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA