Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani fermerlarining dalalarida bu yil ham g‘alladan mo‘l hosil to‘plandi.
Tumanda 344 ta fermer xo‘jaligi hamda qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan o‘tgan yil kuzda 6 ming gektar maydonga sara bug‘doy urug‘i qadalgan bo‘lib, g‘allachilik klasterlari bilan don yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Bug‘doy urug‘i qadalganidan tortib, g‘alla hosili pishib yetilguniga qadar barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi. Natijada dalalarda mo‘l hosil to‘plandi. Yetishtirilgan mo‘l hosilni qisqa fursatlarda nes-nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish maqsadida barcha harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Haytimbetov Sulton” fermer xo‘jaligida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar avvalida yoshi ulug‘ otaxonlar bobodehqonlar oldidagi mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlarida kuch-quvvat tilab, yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik, to‘kin-sochinlik bo‘lishiga duo qildi. Shundan so‘ng seminar ishtirokchilariga 16 iyundan 5 iyulgacha davom etadigan o‘rim-yig‘im mavsumida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, tumanda don qabul qilish shoxobchasi tomonidan joriy yilda jami 8 ming 960 tonna boshoqli don ekinlarini qabul qilish reja qilingan. Ushbu ishlarni uyushqoqlik bilan, tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida shtab tashkil qilinib, 17 ta o‘rim otryadiga 18 ta kombayn biriktirildi.
bugungi kunda kombaynlar o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyor holatga keltirildi hamda mavsum davomida uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun ehtiyot qismlar zaxiralari yaratildi. Kombaynlar bilan bir qatorda mavsumda don tashishga mo‘ljallangan va xizmat ko‘rsatadigan texnikalar ham jalb qilinib, ularning ham mavsum davomida to‘liq ishchi holatida bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Qolaversa, mavsum davomida kombayn haydovchilariga yetarli shart-sharoit yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish masalalari ham e’tiborga olindi.
Shuningdek, tumanda oziq-ovqat xavfsizligi va aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan muntazam ravishda ta’minlash maqsadida g‘alla maydonlaridan bo‘shaydigan yerlarning 1 ming 997 gektariga takroriy ekin ekish reja qilinganligi aytildi.
Seminar yakunida g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im oldidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, g‘allaning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida fermer xo‘jaliklarining mutasaddi xodimlariga, g‘allakor va mexanizatorlarga tushuntirishlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA