Koronavirusning yanada xavfliroq shtammi paydo bo‘lish tahdidi mavjud, ularga qarshi kurashda hozirgi vaksinalar ojizlik qilishi mumkin. Bratislavada bo‘lib o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha Globsek-2022 konferensiyasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus ishtirokchilarni ushbu tahdiddan ogohlantirdi.
“Koronavirusning yanada xavfliroq varianti tahdidi saqlanib qolmoqda, u hozirgi vaksinalar ta’siridan qutilib qolishga qodir bo‘ladi”, – dedi tashkilot bosh direktori.
JSST rahbarining ma’lum qilishicha, Afrika va G‘arbiy Tinchummoni mintaqasida o‘lim holatlari ko‘paymoqda. Amerika qit’asida esa o‘lim holati ham, kasallanish holati ham ortmoqda. “Pandemiya tomom bo‘ldi, deyishga hali erta”, – deydi tashkilot direktori.
JSSTning eng so‘nggi xabarlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon virus yuqtirganlar soni dunyo bo‘yicha 528 million 816 ming 317 kishini tashkil etgan. 6 million 294 ming 969 kishi kasallik qurboni bo‘ldi.