Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan amaliy ishlarga alohida urg‘u berildi.

Bu yo‘nalishda monitoring ishlari davom ettirildi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining Uchinchi tomon monitoringi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan milliy monitoring, Mehnat inspeksiyasining monitoringi o‘tkazildi.

Senator va joylardagi deputatlar tomonidan jurnalist va blogerlarni jalb etgan holda parlament nazorati o‘rnatildi. Mazkur monitoring ishlariga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, huquq himoyachilari ham keng jalb etildi.

2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida sohani isloh qilish, munosib mehnat sharoitini yaratish va mehnat uchun munosib haq to‘lash tizimini takomillashtirish ishlari olib borildi.

Odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Senat raisi 2021 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ishlari 2020 yilga nisbatan 43 foizga, aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish ishlari 47,5 foizga oshganini qayd etdi.

Ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy baholanib, mamlakatimiz imijini oshirishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, 2021 yil 1 iyul kuni AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan “Jahonda odam savdosi to‘g‘risidagi yillik ma’ruza”da O‘zbekiston alohida kuzatuv ostidagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgani qayd etildi. Xalqaro standartlarni to‘liq bajarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistonda 2021 yilda ham paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida tizimli bolalar mehnatidan va majburiy mehnatdan umuman foydalanilmagani to‘g‘risidagi yakuniy xulosasini, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi monitoring ishlarini to‘liq O‘zbekiston tomoniga topshirilganligini e’lon qildi.

Natijada xalqaro hamjamiyat mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.

“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan global boykot bekor qilinishi keng ko‘lamli islohotlar samaradorligining yorqin misoli bo‘ldi.

– Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi, shuningdek, Majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti va uch tomonlama hamkorlar bilan birgalikda, fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtirokida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar tufayli bunday yutuqlarga erishildi, – dedi T.Norboyeva. – Ushbu natijalar, inson huquqlarini ta’minlashga, sanoatni, xususan paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, yanada katta mas’uliyat ham yuklaydi va sohada tizimli ishlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Bu erishilgan natijani saqlab qolish uchun juda muhim.

Norgul Abduraimova, O‘zA