O‘mon Sultonligining yetakchi “Asdo” – «Asdaa Oman» gazetasi veb-sahifasida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida dilomatik aloqa o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan material e’lon qilindi.

Umuman, ushbu voqea mamlakat OAVda qizg‘in muhokama etilib, jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi. Quyida ushbu maqolaning o‘zbek tilidagi matnini keltiramiz.

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq A’lo Hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylaridan ikki do‘st mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan tabriknoma oldi.

Maktubda davlat rahbari so‘nggi paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidlaydi. A’lo Hazratlarining ikki do‘st mamlakat va xalq manfaati, orzu-umidlari ijobati yo‘lida o‘zaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.

O‘zbekiston Prezidenti Sulton A’lo Hazratlarini ikki tomonlama munosabatni yanada chuqurlashtirish maqsadiga yo‘naltirilgan faol muloqotni davom ettirish uchun O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurishga taklif qildi. O‘z navbatida O‘mon yetakchisi o‘zaro samarali muzokara olib borilishi ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarimiz tarixida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonishini izhor qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida A’lo Hazratlariga sihat-salomatlik, baxt-saodat va uzoq umr, O‘mon xalqiga taraqqiyot, farovonlik va tinchlik tiladi.

O‘zA