Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament axborot markazi bilan Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Ushbu memorandumga ko‘ra, Qonunchilik palatasida qizg‘in muhokama qilinayotgan qonun loyihalari, deputatlik so‘rovlari, parlament nazorati mexanizmlari haqida aholiga xalqchil, sodda uslub va tillarda yetkazishga ko‘maklashiladi.

Ochiq axborot makonini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtiradigan zamonaviy, demokratik va shaffof maydon sifatida parlament va OAV, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining samarali muloqoti ta’minlanadi. Parlament faoliyatiga oid asoslantirilgan takliflar tayyorlash, deputatlarning jamoatchilik bilan o‘zaro aloqalarini zamonaviy media texnologiyalarni qo‘llagan holda yangi bosqichga olib chiqish va ijtimoiy tarmoqlarda faolligini ta’minlashga hissa qo‘shish bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli o‘zaro hamkorlik amalga oshiriladi.

— Deputatlar korpusining ish faoliyati, Qonunchilik palatasining majlislari ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda zamonaviy usul va uslublarda yoritib kelinayotgani, deputatlarning ilg‘or media maydonlaridan unumli foydalanishi orqali saylovchilar bilan tobora yaqinlashib borayotgani parlamentning tom ma’noda “xalq uyi”ga aylanishida muhim omil bo‘lmoqda, — dedi Qonunchilik palatasi Spikerining raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Parlament axborot markazi rahbari Odil Tojiyev. — Ochiqlik siyosati natijasida axborotlar turi va sifati oshib borayotir. Bu axborotlar keng jamoatchilik bilan bir qatorda qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillarini ham befarq qoldirmayapti, ularni o‘ziga xos xulosalarni chiqarishga undamoqda.

Qayd etilganidek, bugun deputatlar ham zamon bilan hamnafas ravishda ochiqlik, oshkoralik va erkinlik prinsiplariga sodiq qolib, axborot maydonida o‘ziga xos o‘rinni mustahkam egallashga intilmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlarga xolis baho berib, aholini o‘ylantirayotgan har qanday masalalar va ularning yechimi yuzasidan o‘z pozitsiya, taklifini dadillik bilan ko‘tarib chiqib, munosabatini bildirib kelmoqda.

Bu boradagi ishlarni hozirgi shiddatli islohotlarga hamohang tarzda yanada jadallashtirish, parlamentning axborot siyosatini davr talablari asosida takomillashtirib borish zarur.

Tadbirda memorandumda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

M.Komilova, O‘zA