O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Shvetsiya Qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida joylashgan) etib tayinlangan Tomas Danestadni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbarining o‘rinbosari ishonch yorlig‘ini qabul qilib olarkan, Elchini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, unga yuksak va mas’uliyatli lavozimdagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Shvetsiya kun tartibi hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni faollashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
O‘zA