Dunyo aholisi soni, 2018-yil 1- yanvar holatiga ko‘ra, 7,4 milliarddan oshib ketdi. Nufus jihatidan hamon Xitoy (1,399 mlrd.) yetakchilik qilib kelmoqda. Ikkinchi o‘rinni Hindiston (1,35 mlrd.ga yaqin) band etgan. Uni AQSh (326,6 mln.) ta’qib qilib kelmoqda.
Hindiston hademay nufus jihatidan dunyo yetakchisi – Xitoyni quvib o‘tib ketishi kutilyapti.
O‘tgan davr mobaynida sotsiolog olimlarning: “Tug‘ilishni cheklash lozim”, degan tashvishli fikr-mulohazalari jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinmoqda.
Hatto yaqin-yaqingacha aholisi soni hijatidan dunyoda yetakchi davlat — Xitoyda bir oila faqat bitta farzand ko‘rishi mumkin, degan g‘ayrioddiy qoida bor edi. Chinliklarning ko‘plab e’tirozlari hamda boshqa obyektiv va subyektiv sabablar tufayli bu qoidaga barham berildi.
Aslida mutaxassislarning tashvishli mulohazalari kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu muammo bir necha asrdan beri nafaqat olimlarni, balki ishlab chiqarish manbalarining kamligi va Yer kurrasida tabiiy zaxiralarning tugab borayotganidan xabardor har bir kishini o‘ylantiradi.
Olimlar: «Agar aholi sonining muntazam ko‘payib borishi oldi olinmasa Yer yuzi bashariyatga torlik qilib qoladi, kundalik ehtiyojlarni qoplash imkoni bo‘lmaydi» deyishadi.
Mutaxassislar aholi sonining ortishi uy-joy, oziq-ovqat muammosi bilan bir qatorda, elektr energiyasi tanqisligi va atrof-muhitning ifloslanishidan ham xavotirdalar. Shu bois tug‘ilishni cheklash kerakmi-yo‘qmi, degan masala yirik xalqaro anjumanlarda tez-tez kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Tug‘ilishni nazorat qilish ilk bor XVIII asr oxirlarida Yevropada boshlangan. Ingliz iqtisodchisi Maltus, keyinchalik fransiyalik olim Frans Ples tug‘ilishga chegara qo‘yish taklifi bilan chiqqanlar. 1833-yili amerikalik tabib Charlz Norton ham buni qo‘llab-quvvatlagan.
Bu olimlar aholi ko‘payishini geometrik tarzda (2,4,8,16,32…), oziq-ovqat mahsulotlari ko‘payib borishini esa arifmetik tarzda (1,2,3,4,5…) ko‘rsatishgan. Ular aholi soni to‘siqlarga uchramay ortib borsa, yigirma besh yildan keyin ikki marta, bir asrdan keyin ikki yuz ellik olti marta ko‘payadi, nufus bilan oziq-ovqat manbalari orasidagi nomutanosiblik keskin ortadi, deb o‘ylashgan.
Tarixiy haqiqat shuki, inson nasli hech qachon Maltus va Frans Ples aytganidek, geometrik tartibda ko‘paymagan. Aniq raqamlarga murojaat qilsak, milodiy taqvim boshida 200 million kishini tashkil etgan dunyo aholisi 1300 yillarga kelib 500 million, 1804 yilda bir milliard, 1927-yili ikki milliard, 1959-yili uch milliard, 1974-yili to‘rt milliard, 1987 yili besh milliard, 1999-yili olti milliard va 2011-yil 31-oktabr kuni yetti milliardga yetgani rasman e’lon qilindi va ko‘pchilik yetti milliardinchi bola Rossiyada tug‘ilgani va uni BMT mutasaddilari «tilla bola», deb e’lon qilganini shodiyonalik bilan kutib olgan bo‘lsa-da, ammo «etti o‘lchab bir kesadigan» iqtisodchi va sotsiolog olimlar bu voqeani uncha xushlashmay qarshi olishdi. Sababi, ahvol shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, 2100-yilga borib sayyoramizda 15 milliard odam o‘zaro murosayu madora qilishga majbur bo‘ladi.
Bizningcha, aholi nufuzining bu tariqa ortib borishidan fojia yasash shart emas. Chunki insoniyat tug‘ilishga e’tibor qaratgani bilan o‘limni kamaytirishning uddasidan chiqa olmayapti.
Oziq-ovqat vositalari ham arifmetik tartibda oshmaydi.
Qadimda kishilarning oziq-ovqati, asosan, suv, o‘simliklar va hayvonlardan iborat edi. Hozir boshqa juda ko‘p manbalar bor. Inson nasli ko‘paygani sayin hayotini muhofaza qilish uchun yangi-yangi rizq manbalarini izlayapti, ehtiyojlarini qondirish uchun turli usullardan foydalanyapti.
Shuningdek, aholi soni ortishi bilan birga, ishchi kuchining ko‘payishini ham nazardan qochirmaslik kerak.
Iqtisod ilmiga ko‘ra, ishlab chiqarishning uch asosiy unsuri bor: tabiat, sarmoya va inson. Inson bu unsurlarning eng ulug‘i va muhim ahamiyatga moligidir. Aholi soni ortishidan xavotirga tushayotganlarning ishlab chiqarishdagi o‘rnini e’tiborga olmay, unga faqat iste’molchi sifatida qarashadi. Holbuki, insonning Yer yuzidagi taraqqiyot va yashash sharoitini yaxshilashga qo‘shgan hissasini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Nufuzning ortishi aslida insonlarning yaxshiroq ishlashni taqozo etadigan omillardan biridir. Ehtiyojlar insonni taraqqiyot uchun yangi-yangi ixtirolar qilishga undaydi. Bugun inson dengiz tublaridan va fazodan rizqini axtarmoqda.
Umuman, dunyo aholisi ko‘payishiga muvofiq tarzda Yer yuzida rizq vositalari ham ortayotir.
Yer yuzi va koinotdagi mavjud muvozanatni hech kim inkor etolmaydi. Yer kurrasida yashaydigan barcha maxluqot sonida chegara va muvozanat mavjud. Masalan, «Sismibrium Sophia» nomli daraxt yiliga yetti yuz ellik mingta urug‘ sochishiga qaramay, Yer yuzini bosib ketayotgani yo‘q. «Dengiz yulduzi» balig‘i bir martada ikki yuz milliongacha urug‘ qo‘yadi. Lekin dengizlarni ayni shu baliqlar egallab olmagan, ya’ni muvozanat buzilmagan.
Bashariyat ham ushbu ilohiy nizomdan chetda emas.
Tolibjon Nizomov,
Jurnalist
O‘zA