O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda pensiya, nafaqa, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash va yetkazib berishda fuqarolarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, to‘lov tizimining zamonaviy usullarini keng joriy etish hamda mazkur sohada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 maydagi “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5102-son qaroriga muvofiq pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun zarur mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank hamda AT “Xalq banki”ning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2022 yil 1 maydan boshlab:
“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga tegishli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan moddiy yordamlar, mehnat organlari tomonidan to‘lanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni o‘tab ozodlikka chiqqan fuqarolarga to‘lanadigan moddiy yordam pullari (keyingi o‘rinlarda – moddiy yordam pullari) har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi hamda pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi;
AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar hamda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pulda yetkazib berish xizmatlari uchun 1 foiz miqdorda bankka xizmat haqi to‘lab beriladi. Bunda, AT “Xalq banki” zimmasiga sayyor kassalar orqali mahalla fuqarolar yig‘inlariga borgan holda pensiya va nafaqa oluvchilarning kartalaridagi mablag‘larini ularning xohishlariga ko‘ra naqd pulga almashtirib berish vazifasi yuklatiladi;
barcha turdagi davlat pensiyalarini, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni hamda kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini (keyingi o‘rinlarda – pensiya va nafaqalar) bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi. Bunda, fuqarolarning roziligi bilan pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga o‘tkazish asosida hujjatlarni qog‘oz shaklida yuritishdan voz kechiladi;
b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar harbiylashtirilgan tizim pensiyalarini hisoblash va ularning to‘lov hisob-kitoblari tizimini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan avtomatlashtirish orqali xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarida pensiya varaqalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi.
3. AT “Xalq banki” (Sh.X.Atabayev):
Markaziy bank (B.E.Zaxidov) bilan birgalikda aholini bankomatlar bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida 2022 yilning 1 oktyabriga qadar xorijdan 1 800 ta bankomat olib kelgan holda, ularning hududlar, shu jumladan, olis tumanlarda o‘rnatilishini ta’minlasin;
2022 yil yakuniga qadar pensiya va nafaqa oluvchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida ularning mablag‘larini masofadan boshqarish imkonini beruvchi bankning yangi mobil ilovasini ishlab chiqsin;
Adliya vazirligi tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni bankning mobil ilovasi orqali amalga оширилишини yo‘lga qo‘ysin.
4. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov):
mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va tegishli maqsadli jamg‘armalarning qoldiq mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ajratilishini ta’minlasin;
ikki hafta muddatda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat farmoyishi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu qarorning maqsadi, vazifalari va bundan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 7 aprel