Muharrir matn bilan ishlashini, ya’ni ma’lum bir janr talablaridan kelib chiqib, matnni tahrir qilishini, tekshirishini va to‘g‘rilashini yaxshi bilamiz. Bu jarayonda ham “ustoz-shogird” an’anasi muhim ahamiyatga ega. 

Ming afsuski, sohadagi “ustoz-shogird” an’anasi o‘z ahamiyatini yo‘qotayotgandek. Bu esa, o‘z navbatida, mahoratli, tajribali muharrirlar kamayishiga, ular mas’uliyatining pasayishiga ham sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylarida ushbu tajriba ma’lum ma’noda davom etayotgan bo‘lsa-da, xususiy nashriyotlarda nafaqat mazkur an’ana, balki tajribali va malakali muharrirlarga ehtiyoj katta.

Agentlik tomonidan doimiy ravishda nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblarning monitoringi o‘tkazib kelinadi. Masalan, nashriyotlarga 2015 yil 50 ta, 2016 yil 111 ta, 2017 yil 83 ta ta’sir chorasi ko‘rilgan. Nashriyotlarda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlarining mazmuni deyarli bir xil, ularda asosan “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga, ya’ni o‘zbek adabiy tilining imlo qoidalariga amal qilmaslik, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzish, noto‘g‘ri axborot tarqatish, turli qonun hujjatlari, hukumat qarorlari va muassasalar nomlarini, tarixiy sanalar, shaxslar hayoti va faoliyatiga oid sanalarni noto‘g‘ri berish, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunga rioya etmaslik, jumladan, mualliflik huquqi belgilarini ko‘rsatmaslik, muallif va tarjimonlarni qayd etmaslik, shuningdek, kitob mahsulotlarining sifati pastligi oqibatida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun me’yorlariga rioya qilmaslik, ayni paytda sohaga oid standartlarni buzish kabi kamchiliklar kuzatiladi. Bular asosan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, nashriyotlarda tajribali, mahoratli va, albatta, mas’uliyatli muharrirlar yetishmayotganining oqibatidir.

Xorijiy mamlakatlarning tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi huzurida mamlakatimizdagi nashriyotlar bosh muharrirlarining “Bosh muharrirlar klubi” tashkil etildi. Klubning faoliyati nashriyotlarning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, ularni matbaa xom ashyolari, mahsulotlari bilan ta’minlash yoki kitob nashr etish, tarqatish borasida yuzaga keladigan turli qiyinchilik va to‘siqlarni bartaraf etish, nashriyot muharrirlarining malakasini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Muharrir mas’uliyati” mavzuidagi davra suhbatida shu singari fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, Agentlik bosh direktori Laziz Tangriyev, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Ahmadjon Meliboyev, “Akademnashr” nashriyoti bosh muharriri Abdulla Sharopov va boshqalar “Nashriyot va matbaachilikda muharrirning o‘rni”, “Bugungi muharrirga bugunning talablari”, “Badiiy va ijtimoiy matnlar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari”, “Imlodagi muammolar” kabi mavzularda o‘z fikr mulohazalari, ijodiy tajribalari, taklif va amaliy tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA