Ellikqal’a. Shu yilning 16 sentyabr kuni. O‘zbekistonda yuksak saviyada o‘tkazilgan Madaniy meros haftaligining ovozasi xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilgani bu ko‘hna zaminda bo‘lib o‘tgan musiqiy dastur davomida ham yana bir bor o‘z aksini topdi.

O‘shanda Xorazm vohasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi an’anaviy  Madaniy meros haftaligi doirasidagi bir qator tadbirlar markaziga aylangan edi.

Jumladan, Ellikqal’a tumanida ko‘p sonli xorijiy sayyohlar uchun tashkil etilgan davra yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Namunaviy maqom ansambli jamoasi an’anaviy o‘zbek va qoraqalpoq milliy qo‘shiqlaridan iborat dasturi bilan faol ishtirok etdi.

Dastur mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otib, g‘oyat manzur bo‘ldi. Xorazm maqom maktabining eng nodir namunalari, suvoralar, dilbar qo‘shiq va ko‘hna taronalar bir og‘iz o‘zbekcha kalomni bilmaydigan, nozikta’b  xorijlik mehmonlarni hayratga soldi, lol qoldirdi. Mamlakatimizning olis hududidagi  Namunaviy maqom ansambli poytaxtdagi san’atkorlardan, manaman degan badiiy musiqiy jamoalardan ortiq bo‘lsa ortiqdirki, lekin sira kam emasligini, uning ijrosidagi konsert dasturi esa eng mohir rejissyorlar jalb etilib, tayyorlanadigan shoulardan qolishmasligini munosib tarzda namoyish etdi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda milliy maqom san’atini  yanada ravnaq toptirish borasidagi ezgu ishlar amalda o‘z natijasini bermoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jonajon O‘zbekistonimizning barcha hududlarida Namunaviy maqom ansambllari tashkil etilib, ularning bari endilikda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Maqom san’ati bolalar musiqa va san’at maktablari, maxsus internatlarda bolalarga mukammal o‘rgatilmoqda.

Maqom ijrochiligi va baxshichilik san’ati bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish,maqom ijrochiligi va baxshichilik san’ati bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari va an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati instituti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Asosiy yo‘nalishi maqom san’atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar va an’analarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganish va qayta tiklash,  maqom san’ati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratishga qaratilgan O‘zbek Milliy maqom markazi muvaffaqiyatli  ish olib bormoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati festivali bu boradagi yutuqlarni targ‘ib etishda, xalqaro hamkorlikni kengroq yo‘lga qo‘yishda, mumtoz musiqa san’ati  bo‘yicha nodir iste’dod sohiblarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Navbatdagi Xalqaro maqom san’ati festivalini Buxoroda o‘tkazishga oid ijodiy tashabbus milliy durdona merosimizning  betakror maktab va yo‘nalishlari, an’analarini yanada to‘liqroq namoyon etishga imkon berishi aniq.

 

  Nazokat Usmonova, O‘zA