Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda bolalarni 2 yoshdan maktabgacha ta’limga qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari jamoat transportidan foydalanishini bepul asosda yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim uchun grantlar sonini oshirish, fuqarolarning sudlarda xalq maslahatchilari sifatida, shuningdek, qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ham gapirdi.

Nomzod Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. Viloyatda aholi bandligi, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ichimlik suv va kommunal infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga yechim topish zarurligini alohida ta’kidladi.

Qizg‘in muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar Prezidentlikka nomzodga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, hududlarni yanada rivojlantirishga doir fikr va takliflarini bildirdi.

Uchrashuvda bir qator faollar so‘zga chiqib, Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaga ovoz berishga chaqirdi.

 

A.Qayumov,  

Jamshid Yorbekov,O‘zA