“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili M.Bobobekova partiya viloyati kengashi saylov shtabi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing o‘tkazdi.

Ishonchli vakil prezidentlikka nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

– Bizning nomzodimizning saylovoldi dasturi “Adolat — hayotimizning bosh mezoni!” shiori ostida chop etildi, – dedi M.Bobobekova. – Saylovoldi dasturda xalq manfaatlari yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha yo‘nalishlarimiz mavjud. Dasturimizni partiyamiz maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda va jamiyatda mavjud muammolarni teran anglab “hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak”, degan aqidaga qat’iy amal qilib, taklif etmoqdamiz. Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar hamda boshqa sohalardagi islohot va yangilanishlarni izchil davom ettirishni bosh maqsadimiz, deb bilamiz. Bizning maqsadimiz adolatli jamiyat va adolatparvar davlat qurish!

Brifingda bu yilgi saylovlardagi yangiliklar, saylovoldi jarayonlarida viloyat partiya tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot tadbirlari haqida ham ma’lumot berildi.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili amaldagi qonunchilikdan kelib chiqib zimmasiga yuklatilgan vazifa, faoliyatining huquqiy asoslari va maqsadi yuzasidan tushuncha berdi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA