Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bugun, 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari ipoteka krediti, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari eng dolzarb masala bo‘lib qolayotgani, Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning 70 foizi ayni masalalar bo‘yicha ekanini ta’kidladi.

– 25 yil davomida qurilish sohasiga e’tibor qaratilmadi, qurilish industriyasi yo‘q bo‘lib ketdi. Shu bois ushbu soha bo‘yicha qator qarorlar qabul qildik, birinchi qadamlarimizni balandparvoz gap gapirmasdan, xalqimizni rozi qilishga qaratdik. Chunki Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlari mahallalaridagi haqiqiy holat ham buning aksi ekanini ko‘rsatdi. Shu bois, bugun yig‘ilishda ishtirok etayotgan rahbarlar haqiqiy ahvolni gapirishi kerak. Birinchidan, joriy yilda qishloq va mahallalarda aholi sharoitini yaxshilashga jami 31,5 trillion so‘m yo‘naltiramiz. Bunday mablag‘ O‘zbekiston tarixida hali berilmagan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yig‘ilishda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari va joylardagi mahalliy kengashlar rahbarlari bu boradagi ishlarni saylovchilariga yetkazish kerakligini ta’kidladi.

– Bir narsani barcha hudud va sektor rahbarlari aniq tushunib olishi zarur. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” deganda, nafaqat yo‘l yoki mahallaning qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerdagi aholining daromadi ko‘payishi, ijtimoiy soha ob’ektlari to‘liq ishlashi, bir so‘z bilan aytganda, tanlangan mahalla har tomonlama obod bo‘lishi kerak. Haqiqiy obod mahallada “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari bo‘lmasligi lozim, – dedi Prezident.

 

O‘zA