Qadrli vatandoshlar! Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!

Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildiraman.

Mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan ushbu bayram yasharish va yangilanish, mehr-oqibat ayyomi – Navro‘z tantanalari davom etayotgan mana shunday shukuhli kunda o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor.

Mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.

Biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashga o‘rgatib, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz.

Ayni paytda, yurtimizda yashayotgan har bir inson, millati, tili va dinidan qat’i nazar, o‘z hayotini, quvonchu tashvishlarini mahalladan ayri holda tasavvur eta olmaydi.

Shu bois, biz keyingi to‘rt yilda mahalla institutiga milliy davlatchiligimizning asosiy quyi bo‘g‘ini sifatida qarab, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlarni amalga oshirayotganimizdan barchangiz yaxshi xabardorsiz.

Bu davrda soha rivojiga doir 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, har bir hududda
“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilganini alohida qayd etish lozim.

Yurtimizda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, muhtaram nuroniylarimizning ijtimoiy faolligini oshirish, fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va ta’sirini kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Fuqarolar yig‘inlari raislarining huquq-tartibot, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi joriy qilindi. Soha xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish maqsadida ularning oylik maoshlari 3 бараvaрga oshirildi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari faollari hamda keng jamoatchilik vakillari uchun “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 1 ming 163 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 3 ming 612 taси rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. 110 ta tuman va shaharda “Mahalla markazi” majmualari barpo etildi, 4 ming 319 ta mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.

Soha xodimlarining jamiyatimizda ma’naviy muhit barqarorligini, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Ayniqsa, mahalla faollarining pandemiya davrida ko‘rsatgan chinakam jonbozliklari, xususan, sinovli kunlarda odamlar holidan xabar olish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, aholi bandligini ta’minlash singari g‘oyat muhim va dolzarb masalalarda davlatimizga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Jumladan, bu davrda mahalla faollari tomonidan 700 mingga yaqin fuqaroning bandligini ta’minlash, 60 mingdan ziyod yurtdoshlarimizni tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish, imkoniyati cheklangan 754 mingdan ziyod oilalarning tomorqalaridan samarali foydalanishga amaliy yordam ko‘rsatilganini alohida e’tirof etish zarur.

Mahallalarda hashar yo‘li bilan 164 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarning xonadonlari ta’mirlanib, 1000 ga yaqin kambag‘al oilalarga uy-joylar qurib berilgani, 10 ming kilometrga yaqin ichki yo‘llar va 644 ta ko‘prik ta’mirlangani, 339 ta ko‘prik yangidan qurilgani, qariyb 2 ming kilometr uzunlikda ichimlik suvi tortilgani va 1 ming 300 ga yaqin nasoslar o‘rnatilganida sizlarning katta hissangiz bor.

Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhit asoslarini mustahkamlash maqsadida o‘tgan yili mahalla faollari ko‘magida ajralish yoqasiga kelib qolgan 21 mingga yaqin oila yarashtirilgani, 16 mingdan ziyod oilaning notinchligiga barham berilgani,
5 mingga yaqin mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani, namunali mahallalar soni 1 ming 704 taga yetgani albatta tahsinga loyiqdir.

Aziz do‘stlar!

bugungi keskin va shiddatli globallashuv davrida yurtimizda o‘zaro ahillik va totuvlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashda mahallalarning o‘rni va nufuzi tobora ortib bormoqda.

Ayni paytda ushbu tizimning nufuzi va faoliyati samarasini kuchaytirish, uni fuqarolar o‘z fikri va dardini, taklif-tavsiyalarini erkin aytadigan, muammosiga yechim topadigan chinakam xalqchil idoraga aylantirish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqimizda: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gap bejiz aytilmagan. Farzandlarimizning ma’naviy barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, yosh oilalarning mustahkam oyoqqa turib olishida ushbu tuzilmaning rolini yanada oshirish,
“Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida boshlangan ezgu ishlarimizni izchil davom ettirish bugungi kun talabidir.

Mahalla raisi faol islohotchi sifatida, avvalo, zamon bilan hamqadam bo‘lishi, o‘z bilim va malakasini doimiy oshirib borish haqida o‘ylashi, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlarini hayotga tatbiq etish, turli ijtimoiy muammolarni hal qilish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni tadbirkorlik markazlariga aylantirish choralarini ko‘rishi darkor.

Xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulug‘vor maqsadga erishish yo‘lida biz islohotlarni “mahallabay” asosda amalga oshirish, barcha qishloq va mahallalarimizni jadal rivojlantirishga birinchi darajali e’tibor qaratmoqdamiz.

Ayni vaqtda aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimiz muammolarini “xonadonbay” hal etishda, hech shubhasiz, mahalla organlari muhim o‘rin tutadi.

Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan muhim tamoyilni amalga oshirishda biz avvalo mahalla tizimiga, mahalla faollari va fidoyilarining ulkan salohiyatiga tayanamiz.

Biz mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Shu borada bir fikrni ta’kidlab aytmoqchiman:

Mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi. Mahallada o‘zgarish bo‘lsa – butun jamiyat o‘zgaradi.

Hurmatli mahalla tizimi xodimlari!

Muhtaram faxriylarimiz!

Xalq ishonchini oqlash, unga munosib bo‘lish – dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf hammangizga nasib etsin!

Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor muborakbod etar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli va serqirra faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti