Poytaxtimizdagi “Humo arena” majmuasida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari ayyom munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida Navro‘z bayrami mohiyatidagi ezgu tushunchalar hayotimiz ma’nosiga aylanganini alohida ta’kidladi.

– Darhaqiqat, Navro‘zi olam mohiyatida, eng avvalo, insonni ulug‘lash, uning qadri, izzat-hurmatini joyiga qo‘yishdek ezgu fazilatlar mujassamdir.

Yurtimizda aholining barcha qatlami, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini hal etish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rinlari, daromad manbai, turar joylar bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Ayniqsa, yordam va ko‘makka muhtoj, ko‘ngli yarim insonlarga chinakam e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish doimiy faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Bu boradagi ishlarimiz “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda.

Ishonchim komil, mana shunday amaliy harakatlarimiz kelgusida yanada kengayib, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan olijanob maqsadimizga, albatta yetamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA