O‘zbekistonda maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim sohasi bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar 2021-yil 1-yanvargacha soliq va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan hamda mehnat shartnomasi asosida jalb etilgan xorijiy o‘qituvchilarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashdan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan «nol» qiymatda bino berish belgilab qo‘yilgan.
Xususiy investorning o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan binolarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 2023-yil 1-yanvargacha foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari uchun to‘lovning 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanish tartibi joriy qilindi.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 3 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bunday imkoniyatlar yaratilgandan keyin xususiy bog‘cha ochish istagini bildirganlar soni 100 dan oshgan.