Kuni kecha Prezidentimizning parlamentga qilgan Murojaatnomasini tinglab o‘tirar ekanman, ko‘p narsalar xayolimdan o‘tdi. 

Avvalo, davlatimiz rahbari ushbu murojaat bilan uzoq yillar taraqqiyotimizga xalal berib kelgan illatlarni hech bir pardozlarsiz o‘z nomi bilan atab, jamoatchilikn, ayniqsa, deputatlarni ularga qarshi kurashga chorladi. Ko‘lami va miqyosiga ko‘ra, ulkan rejalar, xalqimiz turmush tarzini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar to‘g‘risida, keng ko‘lamli investitsiyalar haqida gapirdi.

Davlatimiz rahbarining jamiyatimiz taqdirida OAVlarning o‘ziga xos o‘rni va roliga bergan bahosi bizni quvontirdi. O‘zbekiston jurnalistikasi bugungi kunda, ta’bir joiz bo‘lsa o‘ziga xos mediamakonni tashkil etadi. Uning o‘ziga xos rivojlanish, globallashayotgan dunyoga mos taraqqiyot yo‘li bo‘lishi kerak. Biroq mazkur ulkan ijtimoiy hodisa ravnaqi shu choqqacha bir-ikkita fakultetlar doirasida qolib kelardi. Poytaxtimizda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universiteti tashkil etilishi soha rivojiga munosib xizmat qiladi. Jurnalist kadrlar taqchilligi bosh muharrir sifatida meni ham qiynab kelayotgan muammolardan biri. Universitetning tashkil etilishi mahalliy OAVlarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga xizmat qiladi, gazeta, jurnal va mahalliy teleradio darajasini sifat jihatidan yuksaltiradi.

Mahmudjon Parpiyev,
 
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi
 
Namangan viloyati bo‘limi raisi,
 
«Namangan haqiqati» gazetasi bosh muharriri.

 

O’zA