Avval xabar qilganimizdek, poytaxtimizning Yoshlar ijod saroyida o‘z ishini boshlagan «O‘zbek milliy kino san’ati» haftaligining uchinchi kun tadbirlari yakunlandi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi tashabbusi bilan yangi yil boshidan start olgan mazkur haftalik o‘zbek kinosi ixlosmandlari uchun yorqin taassurotlarga boy o‘tmoqda.

Yuqori darajada tashkillashtirilgan haftalikning birinchi va ikkinchi kunlarida «Men terrorchi emasman», «Sumbul» filmlarining katta ekrandagi ilk premeralari, Shou-biznes vakillari hamda taniqli aktyor va aktrisalar uchun «qizil yo‘lakcha», kastinglar, mahorat darslari, kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.

Kino haftalikning uchinchi kuni real voqealarga asoslangan «Men terrorchi emasman» harbiy dramasining ijodkorlari bilan maxsus brifing bilan boshlandi. Unda ijodiy guruh o‘tkir syujetli mazkur filmning suratga olish jarayonlari, s’yomka vaqtida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, tasvirga olish ob’ektlari, rekvizitlar haqida eksklyuziv tarzda ma’lumotlar berdi.

Kun davomida Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek tomoshabinlariga «Baron» filmi bilan yaxshi tanilgan mahoratli aktyor Farhod Mahmudov, taniqli kinorejissyor Ali Hamroyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Seydulla Moldaxanov va mahoratli rejissyor Ayub Shahobiddinovlar ishtirokida yosh kinoijodkorlar uchun mahorat darslarining bo‘lib o‘tgani yosh kinoijodkorlarda iliq taassurot qoldirdi.

Yangi premeralar bilan boshlangan haftalikning uchinchi kunida ham yana bir film namoyishi bo‘lib o‘tadi. Bu yosh rejissyor Zohid Zokirov tomonidan suratga olingan «Millioner Jonibek» badiiy filmi bo‘lib, unda Jonibek ismli yigitning bir qizga oshiq bo‘lishi, omadini sinab ko‘rish maqsadida shaharga kelib, u yerda qiziqarli va kutilmagan sarguzashtlarni boshidan kechirishi haqida hikoya qilinadi.

Shuningdek, kunning eng muhim yangiliklaridan biri bugun poytaxtda “Riviera” kinoteatrining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Ochilish marosimidan keyin «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmining rus tilidagi namoyishi kino ixlosmandlari e’tiboriga havola etiladi. Tashrif buyuruvchilarda o‘zgacha taassurot qoldirayotgan Kino haftalikning qolgan ikki kuni ham yorqin lahzalarga boy bo‘ldi.

Haftalikning keyingi kunlari hujjatli filmlar, Toshkent xalqaro kinofestivalining qayta tiklash hamda «Debyut» yosh kinoijodkorlar festivallari, Shuhrat Abbosovning 90 yillik yubileyiga bag‘ishlanadi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan kino haftalik yilning eng shov-shuvli voqealaridan biriga aylanishi tabiiy. Bunga esa Yoshlar ijod saroyidagi kino muhiti yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘zA