Energetika vazirligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan Toshkent shahri va viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari va issiqxonalarning gazdan foydalanish holati o‘rganildi.
“O‘zneftgazinspeksiya” axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganishlarda 3 ta xolatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini qo‘pol ravishda buzilishi natijasida davlat manfatlariga 672 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgani aniqlangan.
Jumladan, Chinoz tumanidagi “Ekogaz oyl” MCHJga qarashli shoxobchasida o‘rnatilgan “Auto Pilot Pro” rusumli gaz hisoblagich nuqson bilan ishlayotganligi, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha gaz jixozlari o‘rnatilganligi va shartnomaviy miqdorlardan ortiqcha gaz olayotganligi ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 272,2 million so‘mni tashkil etgan.
Yangiyo‘l tumanida joylashgan “Petrometan” MCHJga qarashli shoxobchada o‘rnatilgan “Auto Pilot Pro” rusumli gaz hisoblagichning konfiguratsiya ko‘rsatgichlari shubha uyg‘otganligi sababli hisoblagich davlat ekspertizasidan o‘tkazilganida hisobdon ishga yaroqsiz ekanligi, ya’ni 0,075 foiz xatolik darajasidan 50 foizdan 90 foizgacha past ko‘rsatkich bilan ishlaganligi ma’lum bo‘ldi. Bu holatda davlat manfaatlariga 152,4 million so‘m zarar yetkazilgan.
Toshkent tumanida joylashgan “FOZUSHA” MCHJga qarashli issiqxona xo‘jaligida o‘rnatilgan “PRINS-M G-40” rusumli hisoblagichning tamg‘alari buzilgani va hisoblagich ko‘rsatkichlari o‘zboshimchalik bilan ortga qaytarilganligi aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatda davlat manfaatlariga 247 million so‘m zarar yetkazilgan.
Shahnoza MAMATUROPOVA,
O‘zA muxbiri