Bishkek vaqti bilan soat 12:00 da Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tayotgan saylov va referendumda prezident uchun ovoz berish nisbati 9,28 foizni, Respublika boshqaruvi shaklini tanlash borasidagi nisbat 9,23 foizni tashkil etdi. “Kabar” axborot agentligi yozishicha, bu haqda voqea munosabati bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘i QR MSK raisi Nurjan Shayldabekova ma’lumot bergan. Prezident saylovida mamlakat bo‘ylab ayni vaqtgacha jami 330 ming 609 saylovchi ovoz bergan. Bu umumiy saylovchilarning 9,28 foizi demak.

Son jihatidan o‘z fuqarolik huquqidan foydalanish bo‘yicha, hozircha, eng yuqori ko‘rsatkich O‘sh va Jalolobod viloyatlarida kuzatilgan – mos ravishda 66 581 va 63 152 kishi. Keyingi o‘rinlarda poytaxtga qo‘shni Chuy viloyati va Bishkek shahri bormoqda.

Hudud aholisiga nisbatan, aniqrog‘i saylov huquqiga ega fuqarolar soniga nisbatan eng yuqori natija O‘sh shahrida qayd etilgan – 14,07 foiz. Bu boradagi faollik bo‘yicha Issiq ko‘l viloyati ham boshqa mintaqalardan adralib turibdi. Foiz hisobida eng past ko‘rsatkich Chuy viloyatida.

Referendum qatnashchilari bilan bog‘liq statistika ham shunga yaqin manzara kasb etgan.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Jog‘orqu Kenesh Toragasi Talant Mamitov ham o‘z fuqarolik huquqidan foydalangan holda mamlakat prezidenti va Respublikani boshqarish shakli bo‘yicha o‘z tanlovini bildirdi. Bu haqda QR prezidenti apparati axborot siyosati bo‘limidan ma’lum qilishgan.

Talant Mamitov poytaxt Bishkek shahridagi «Belek» madaniy-ko‘ngil ochar markaz hududida joylashgan 1053-saylov uchastkasida ovoz bergan.

QR hukumati xabar qilishicha, hozirgacha Bosh vazir vazifasini bajaruvchi, QR Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Artem Novikov ham saylovda ishtirok etdi.

A.Novikov poytaxtdagi 122-Maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida tashkil etilgan saylov uchastkasida o‘z tanlovini rasmiylashtirdi.

O‘zA