Mamlakatimizga yakunlangan 2020 yilda 1 million 504 ming turist keldi, ularga 261 million dollarlik xizmat ko‘rsatildi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

– Koronavirus pandemiyasi tufayli yuz bergan global inqiroz natijasida mamlakatimiz turizmi eng jiddiy zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘ldi, – dedi A.Abduhakimov. – 2020 yilda jami 1 million 504 ming turist tashrif buyurdi. Bunda 261 million AQSH dollari miqdorida turizm xizmatini ko‘rsatdik.

2021 yilda barcha ishlarni umumiy raqamlar orqali emas, aniq reja va reysma-reys yo‘nalish bo‘yicha batafsil hisob-kitob asosida amalga oshirmoqchimiz, ziyorat turizmiga ko‘proq e’tibor qaratmoqchimiz.

2021 yilda O‘zbekistonga 1 million 700 ming nafar xorijiy sayyoh tashrifini ta’minlash bo‘yicha reja qilingan. Buning evaziga turizm xizmatlari eksporti 370 million dollarga yetkaziladi.