Xalqimizning “Bilagi zo‘r birni yengadi, bilimi zo‘r – mingni” degan maqolida chuqur ma’no bor

Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy, ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar, ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratamiz” deb ta’kidlab o‘tdilar.

Darhaqiqat, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasi va infratuzilmalarini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual, ruhiy tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish eng ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini ifoda etadigan Mudofaa doktrinasi asosida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan samarali jangovar tizimga aylanib bormoqda.

Xalqimizning “Bilagi zo‘r birni yengadi, bilimi zo‘r – mingni” degan maqolida chuqur ma’no bor. Shu nuqtai nazardan, Qurolli Kuchlarimizni modernizatsiya qilish, xususan, harbiy ta’lim sohasiga zamonaviy bilim, ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion g‘oyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha boshlangan ishlar sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari hamda zamonaviy qurolli nizolar xususiyatlari inobatga olingan holda qo‘shinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilanib, bu yo‘nalishlarga ham ilmiy yondashuv va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, so‘nggi yillarda respublikamiz va xorijiy yetakchi ilmiy markazlar bilan uzviy hamkorlikni rivojlantirgan holda oliy harbiy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish, harbiy ta’lim sifatini takomillashtirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarni uslubiy mahoratini oshirish– eng muhim masalalardan biriga aylanib bormoqda.

Ta’kidlash lozimki, bu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar, albatta, o‘z  samarasini bermoqda. Ya’ni harbiy sohada ilmiy tadqiqotlarning olib borilishi, harbiy xizmatchilarning xorijiy tillar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirishi keng dunyoqarashga ega va yuqori malakali harbiy mutaxassislarning kamol topishiga, ularning xalqaro tanlov va harbiy o‘yinlarda munosib o‘rinlarni egallab, Qurolli Kuchlarimizning dunyodagi nufuzi oshishiga keng imkon yaratdi.

Alisher ALIMOV,

Qurolli Kuchlar akademiyasi

Ilmiy-tadqiqotlar instituti rahbari.

O‘zA